ANAEROBIOZ
ANAEROBIOZ (Yunoncha an — inkor qo’shimchasi, AEG — havo va bios — hayot) — organizmlarning erkin kislorod bo’lmagan muhitda hayot kechira olishi. Anaerobiz tushunchasini 1861 yilda L. Paster kiritgan. Hayot faoliyati uchun zarur bo’lgan energiyani anorganik (masalan, nitratlar va sulfatlar) yoki organik moddalar (masalan, uglevodlar) ni parchalab oladigan anaerob organizmlar uchun Anaerobiz odatdagi yashash muhitidir. Tez o’sadigan embrion hujayralari va o’smalar hujayralarida anaerob jarayonlar sog’lom organizmning normal hujayralaridagiga nisbatan kuchliroq kechadi. Anaerobizning biologik mazmuni shundan iboratki, anaeroblar havosiz, ya’ni aeroblar yashay olmaydigan muhitdagi organik substratlardan foydalanish qobiliyatiga ega. Tabiiy substratlar, ya’ni tuproq, suv va boshqada hamisha ma’lum miqdorda havo bo’ladi. Shunga ko’ra, anaerob organizmlar havo kislorodining oksidlovchilik ta’siridan himoyalanishga harakat qiladi. Ular kislorodni neytrallovchi moddalar ajratadi. G’ovaklari havo bilan to’lgan yumshoq tuproqlarda anaeroblar rivojlanadigan ayrim joylar — mikrozonalar bo’lishi mumkin. Ularga yonma-yon joylashgan aeroblar kislorodni o’zlashtirib va reduktsiyalovchi (tiklovchi) modda ajratib, anaeroblar uchun sharoit yaratadi. Masalan, bedapoya chimqirqar ikki yarusli plug bilan chuqur (40 santimetr) qilib haydalganda, bedaning asosiy ildiz massasi va boshqa qoldiqlari tuproqning anaerobli qatlamiga ko’milib, u yerda organik moddalarning minerallanish jarayoni boradi. Bu jarayon tufayli tuproq mikroflorasining hayot faoliyati va chirindi to’planishi uchun eng qulay sharoit vujudga keladi, tuproq unumdorligi uzoq, muddat saqlanib turadi. Tuproqni bunday ishlash tizimi ekin hosilini ancha oshiradi. Anaerob jarayonlarning kechishi (bijg’ish, chirish) tabiatda moddalar aplanishiaa katta ahamiyatga ega. Rustam Shodmonov.