Anafilaksiya nimani anglatishini bilasizmi

Anafilaksiya nimani anglatishini bilasizmi – (grekcha “ana” – qarshi, “filaksiya” – himoya demakdir) begona oqsil (zardob, antibiotiklar)ni takror parenteral yuborish natijasida organizmda unga nisbatan haddan tashqari sezuvchanlikning ortishidir. Anafilaksiyaga sababchi bo’ladigan moddalar anafilaktogenlar deyiladi. Anafilaksiya paydo bo’lishi uchun uch shart zarur: 1. Sensibilizatsiya – organizmga bir marta zardob yuborilganda, shu oqsil moddaga nisbatan sezuvchanlik paydo bo’lib qolishi. 2. 10-14 kun o’tgandan keyin organizmga yana zardob yuborilishi kerak. Ana shu 10-14 kunlik inkubatsion davr o’tmasdan har kuni zardob yuborilsa, anafilaksiya bo’lmaydi. 3. Anafilaktogen (zardob) bir xil zotli hayvonlardan olinishi shart. Sensibilizatsiya qilingan organizmga kichik dozalarda zardob yuborib, anafilaktik shokning oldini olish mumkin, ya’ni disensibilizatsiya. Sekin kechadigan allergik reaksiyalar hayvonlarda tuberkulyoz, brusellyoz va boshqa kasalliklarda kuzatilib, 8-10 yilgacha saqlanib qoladi. U diagnostik maqsadda ishlatiladi. Allergen teri ichiga, teri ostiga yuboriladi yoki ko’z konyunktivasiga surtiladi. Kasal hayvonlarda allergen yuborilgan joyda shish, og’riq paydo bo’ladi, tana harorati ko’tariladi, ko’zning ichki burchagidan yiring oqadi. Bu allergik reaksiyada T-limfotsitlar muhim ahamiyatga ega bo’lib, yuborilgan ma’lum allergenga sezuvchanligi yuqori bo’ladi. Allergen yuborilgan joyda sensibilizatsiya qilingan T-hujayralar bilan birikib, natijada kimyoviy modda (limfokinlar) hosil bo’ladi va to’qimalarni zararlaydi.

Leave a Reply