ANBARSOY
ANBARSOY — Samarqand viloyati Xatirchi va Ishtixon tumanlari hududidagi soy. Shamolsoy va Chorvoqsoy nomlari bilan Oqtog’ning Janubiy-Sharqiy yon bag’ridagi 1150 metr mutlaq balandlikdan boshlanadi. Shamolsoy dastlab Janubga tomon oqadi, Oqtosh tog’ining sharqidan o’tib Chorvoqsoy bilan qo’shilgach, Zarbandsoy nomini oladi. Zarband darasidan chiqqandan so’ng, Anbarsoy deb ataladi. Toshqin paytlaridagina Oqdaryoga yetib keladi. Anbarsoyning umumiy uzunligi 20,5 kilometr. Anbarsoy vodiysining yuqori qismi tor bo’lib, chuqur daralardan oqadi, etaklarida esa atrofdagi adir va tekisliklarga qo’shilib ketadi. Anbarsoy, asosan, yog’in va buloqdan suv oladi. Suv yig’adigan havzasining maydoni 60,2 kilometr kvadrat. Zarband darasida o’rtacha yillik suv oqimi 170 l/sek. Anbarsoyning suvi bahor oylarida ko’payadi. Anbarsoy yoqasida qishloqlar bor.