ANDALIB

ANDALIB (bulbul) (asl ismi Nurmuhammad g’arib; taxminan 1712—Urganch— 1780) — turkman shoiri. O’zbek va turk-man tilida yozgan. Xiva madrasalarida o’qigan. Andalib mumtoz adabiyotning g’azal, ruboiy, murabba, muxammas, musaddas, musabba, muvashshax va boshqa janrlarida ijod qilgan. Navoiy, Fuzuliy, Jomiy g’azallariga muxammaslar boglagan. She’rlarida insonning zamon, hayot bilan munosabatlari aks etgan. Xalq og’zaki ijodidan foydalanib, his-tuyg’ularni sodda va ravon ifodalashga erishgan. 1200 misraga yaqin she’r hamda bir necha dostonlari bizgacha yetib kelgan. “Layli va Majnun”, “Tohir va Zuhra”, “Yusuf va Zulayho”, “Zayn ul-Arab”, “Sa’d Voqqos”, “Bobo Ravshan”, “Malikai Mehrinigor”, “O’g’iznoma” kabi dostonlarida mumtoz dostonchilikning eng yaxshi xususiyatlari mujassamlashgan. “Nasimiy” dostonida ozar shoiri Nasimiy hayoti va ijodi aks etgan. Mashrabga taqlidan yozgan she’rlari o’zbek va turkman xalqlarining sevimli qo’shiqlariga aylangan. Andalib Asarlarining qo’lyozmalari va toshbosma nusxalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi. As: Layli va Majnun, O’zbek adabiyoti, 4-jild, 2-kitob, T., 1960.