ANDIJON QORA UZUMI
ANDIJON QORA UZUMI, qora Andijoniy, qora — xalq selektsiyasida chiqarilgan o’rtapishar xo’raki va mayizbop uzum navi. Tupi kuchli o’sadi. Bargi to’garak, besh bo’lmali, kertikli, to’q yashil, orqa tomoni tuksiz. Guli ikki jinsli. Uzum boshi cho’ziq, 250-300 gramm, shingillari tig’izligi o’rtacha. G’ujumi yirik, dumaloq, rangi tim qora, po’sti yupqa, tarang, eti shirali, tarkibida 25-27% qand moddasi bor. Hosili faol harorat 2700-2750° bo’lganda 128-140 kunda pishib yetiladi (avgust oxiri). Hosildorligi 150-200 tsentner/gektar. Zamburug’li kasalliklar va zararkunandalarga chidami o’rtacha, sovuqqa chidamsiz. Farg’ona va Andijon viloyatlarida keng tarqalgan.