ANDIJON SUV OMBORI

ANDIJON SUV OMBORI – Andijon viloyatida Qoradaryoda qurilgan gidrotexnika inshooti. Ko’p yillik rejimda daryo suvini tartibga soladi. Irrigasiya-energetika maqsadlariga mo’ljallangan. Qurilish 1982 yilda nihoyasiga yetdi. Andijon suv ombori balandligi 121 metr, uzunligi 1040 metr bo’lgan betonli katta kontrforeli to’g’on qurib hosil qilingan. Suv sig’imi 1,9 milliard metr kub. Gidrouzel tarkibiga to’g’on, suv o’tkazuvchi inshootlar va GES kiradi. Suv o’tkazuvchi inshootlar favqulodda toshqinda 1700 m3/s gacha suv o’tkazishga va umumiy suv sarfi 230 m3/s bo’lgan irrigatsiya kanallariga oqizishga mo’ljallangan. GES kanallarga tushayotgan suv hisobiga ishlaydi, 192 m3/s suv sarfiga mo’ljallangan, quvvati 140 MVt. Andijon suv ombori suvi Farg’ona vodiysida 273 ming ga yaqin maydonning suv ta’minotini yaxshilaydi, qo’shimcha 35 ming gektar yerni sug’orish imkoniyatini beradi.