ANDIJON VILOYAT O’LKASHUNOSLIK MUZEYI
ANDIJON VILOYAT O’LKASHUNOSLIK MUZEYI — Andijon shahridagi muzey. Viloyat qishloq xo’jaligi yutuqlari ko’rgazmasi asosida tashkil etilgan (1934). Muzeyda Farg’ona vodiysidagi xalq tarixi, madaniyati, vodiyning tabiati, tabiiy boyliklari, xalq xo’jaligi yutuqlari, viloyat mehnat va iqtisodiy aloqalarini aks ettiruvchi ko’rgazmalar, muhim tarixiy hujjat va ashyoviy dalillar, 300 ga yaqin tasviriy san’at asarlari, 1000 dan ziyod amaliy san’at buyumlari va boshqalar bor. Muzeyda o’lka tabiati, moddiy-ma’naviy madaniyati tarixini o’zida aks ettirgan 30 mingdan ortiq noyob eksponatlar saqlanadi (2000). Andijon viloyat o’lkashunoslik muzeyining tumanlar (Asaka, Shahrixon, Qo’rg’ontepa, Ulug’nor, Jalaquduq va boshqalar) da bo’limlari mavjud. Muzey 1982 yilda barcha qulayliklarga ega bo’lgan zamonaviy binoga ko’chib o’tdi.