ANDIJON ZILZILASI
ANDIJON ZILZILASI – O’rta Osiyoda sodir bo’lgan kuchli zilzilalardan biri. 1902 yil 16 dekabr soat 10 da ro’y bergan. Bu zilziladan Andijon shahri va uning atrofidagi qishloqlar katta talafot ko’rgan. Yer ketma-ket uch marta silkinib, birinchisi 8 — 9 ball, 1 — 1,5 minutdan so’ng ikkinchisi 9 balldan ortiq va yana 30 minut o’tgach, uchinchisi 8 — 9 ball bo’ldi. 50 ming kishi yashaydigan Andijon shahri bilan atrof qishloqlarda ko’p joylar vayronaga aylandi. Zilzilada 4652 kishi nobud bo’ldi. Zilzila natijasida Andijondan 5 — 6 chaqirim narigacha bo’lgan temir yo’l izlari egilib qoldi. Andijon stansiyasidagi parovoz va poyezd vagonlari izlaridan chetga surib tashlandi. 16 dekabrdan so’ng ham bir necha oy davomida Andijonda yer qimirlab turdi. Zilzila oqibatida Andijon va uning atrofida eni 10 santimetrgacha bir necha yoriqlar paydo bo’ldi. Ayrim yerlarda yer sathi 70 santimetrgacha cho’qdi. Andijon zilzilasi Janubiy Farg’ona fleksurasi — uzilish chizig’i bo’ylab sodir bo’lgan. Zilzila markazi Qorayorda (40,7° shu kabi 72,2° shimol qutb uzunligida) joylashgan.