ANGLIYA-ROSSIYA BITIMLARI
ANGLIYA-ROSSIYA BITIMLARI (1873, 1885, 1907)-1873 yil bitimi Angliya va Rossiya hukumatlari o’rtasida 1872 yil oktabr — 1873 yil yanvarda bo’lgan muzokaralar natijasida Turkiston “bufer” poyasi — oraliq yerlari haqida tuzilgan. Bu bitim Rossiya va Angliyaning Turkistondagi ta’sir doiralari chegaralariii va Afg’oniston amirligining shimoliy chegaralarini belgiladi. Bitim Turkistondagi ingliz-rus qarama-qarshiligini vaqtincha yumshatdi. 1885 yil bitimi Afg’oniston chegaralarini belgilash to’g’risida Londonda 29 avgust (10 sentabr)da imzolangan. Bitim Angliya va Rossiyaning Turkiston (Jan. Turkmaniston)dagi 1885 yil nizosini, ikki yirik davlat o’rtasidagi urush xavfini bartaraf qildi. Tuzilgan ingliz-rus chegara komissiyasi asosan Rossiya talablarini nazarga olib, Afg’onistonning shimoliy-g’arbiy chegaralarini aniqladi va bu haqda 1887 yil 10 (22) iyulda Peterburgda bitim imzolandi. 1907 yil bitimi O’rta Sharqdagi ta’sir doiralar chegaralarini belgilash to’g’risida 18 (31) avgustda Peterburgda imzolangan. Bu bitimlar asosan Tibet, Afg’oniston va Eronga doir edi. Angliya va Rossiya Tibetni mustaqil deb tan oldi. Eron 3 zonaga: Rossiya ta’sir doirasidagi shimoliy zona va Angliya ta’sir doirasidagi Janubiy zona hamda bular o’rtasidagi betaraf zonaga bo’lindi. Afg’oniston Angliya hukumati ta’sirida qoldi. Rossiya Afg’oniston hukumati bilan faqat Angliya hukumati orqali aloqa qilishga rozi bo’ldi; tomonlar Afg’oniston hududiy butunligini buzmaslik majburiyatini oldilar.