ANGOB

ANGOB — qizil kesakdan tayyorlangan bo’yoq. Angob kulolchilikda keng qo’llaniladi. Sopol idishlar va buyumlar Angob surtishdan oldin quritiladi. Notekis joylari maxsus loy (dazmol loy) bilan tekislanadi, so’ng ho’l latta bilan silliqlanadi. Ba’zan Angob bir necha qavat surtiladi. Idishlar va buyumlar Angobdan keyin naqshlanadi. O’rta Osiyo xalqlari Angobni neolit davri (miloddan avvalgi 4 — 3 ming yillik) dan boshlab sopol idishlarga naqsh berishda va bo’yashda ishlatgan. Kushon podsholigi (miloddan avvalgi 2 — 1 va milodiy 1 — 4 – asrlar) davridagi sopol idishlarning sirti Angob bilan bo’yalgan. Bunday idishlar O’rta Osiyoda Qoraxoniylar davri (11 — 12 – asrlar) da ham keng tarqalgan. Angobdan qadimgi qabilalar o’liklarni ko’mishda ham foydalangan. Ko’pincha murdaga Angob surtib yoki sepib ko’milgan. Qadimgi odamlar g’orlarning devorlariga va qoyatoshlarga Angob bilan rasmlar chizgan. Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi Zarautsoydan 1936 yilda G. V. Parfenov topgan qadimgi rasmlar (hayvonlar shakllari) ham Angob bilan chizilgan.