Angob
Angob (fransuzcha engobe)-qizil kesakdan tayyorlangan bo’yoq. Angob kulolchilikda keng qo’llaniladi. Sopol idishlar va buyumlar Angob surtishdan oldin quritiladi. Notekis joylari maxsus loy (dazmol loy) bilan tekislanadi, so’ng ho’l latta bilan silliqlanadi. Ba’zan Angob bir necha qavat surtiladi. Idishlar va buyumlar Angobdan qiyin naqshlanadi. O’rta Osiyo xalqlari Angobni neolit davri (miloddan avvalgi 4-3-mingyillik)dan boshlab sopol idishlarga naqsh berishda va bo’yashda ishlatgan. Kushon podsholigi (miloddan avvalgi II-I va milodiy I-IV asrlar) davridagi sopol idishlarning sirti Angob bilan bo’yalgan. Bunday idishlar O’rta Osiyoda qoraxoniylar davri (XI-XII asrlar)da ham keng tarqalgan. Angobdan qadimgi qabilalar o’liklarni ko’mishda ham foydalangan. Ko’pincha murdaga Angob surtib yoki sepib ko’milgan. Qadimgi odamlar g’orlar devorlariga va qoyatoshlarga Angob bilan rasmlar chizgan.