ANKA TO’RA

ANKA TO’RA (14-asr) – Jeta (Mo’g’uliston) xonlari Tug’luq Temur va Ilyosho’jalardan so’ng Jetada yuz bergan parokandalikda taxt talab bo’lib siyosiy sahnaga chiqqan xonzodalar va amirlardan biri. 1388 yil bahorida Amir Temur Xorazmda ekanligidan foydalanib, avvalgi bitimlarga xilof ravishda O’zgan tarafidan Andijonga hujum qiladi. Lekin Umarshayx Mirzodan zarba olib, Oloy tog’lariga chekingan. Anka To’raning bu xuruji Amir Temurning 1389, 1390 yillarda Jeta tomon ikki marta yurishiga sabab bo’lgan. Bu yurishlar natijasida harbiy va iqtisodiy qudrati sindirilgan Jeta Amir Temur mulkiga qo’shib olingan. Anka To’ra Oltoy tomonga chekinib, dom-daraksiz yo’qolgan.