ANORGANIK KIMYO

ANORGANIK KIMYO (Yunoncha an – inkor qo’shimchasi va organik kimyo) — kimyoviy elementlar va ulardan hosil bo’lgan birikmalar haqidagi fan (faqat uglerod birikmalarini organik kimyo, uglerodning bir necha oddiy birikmalarinigina Anorganik kimyo o’rganadi). Anorganik moddalar, xususan og’ir metallar — oltin, kumush, mis, temir, qo’rg’oshin, simob va qalay, metallmaslardan uglerod va oltingugurt qadim zamonlardan ma’lum. Milodning boshlarida kimyo Misrda taraqqiy etib, xlorid, sulfat, nitrat kislotalar, erkin holda margimush, surma, fosfor, shuningdek bir qancha ishqor va tuzlar hosil qilingan. Turkistonda ham kimyoning qadimdan mavjudligini arxeologik qazishlar natijasida topilgan moddiy-madaniy yodgorliklar tasdiklaydi. Turkistonda ko’pgina kimyogar olimlar yetishib chiqqan. Ulardan eng mashxurlari Abu Bakr ar-Roziy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf al-kotib al-Xorazmiy, Abdulhakim ibn Abdulmalik alkosiy, Abu ali ibn sino va boshqalar. Anorganik moddalar haqidagi ma’lumotlarni alohida o’rganish g’oyasini frantsuz kimyogari N. Lemeri ilgari surgan. U 1675 yilda kimyo fani o’rganadigan moddalarni kelib chiqishiga ko’ra mineral moddalarga, o’simliklar va xayvonlardan hosil bo’ladigan moddalarga bo’lgan edi. 19-asr oxirida fizika va boshqa fan sohalaridagi katta kashfiyotlar (1869 yilda D. I. Mendeleyev davriy qonunni kashf etishi va hokazolar) Anorganik kimyo taraqqiyotida muhim rol o’ynadi. Bu davrda davriy sistemada o’rin qoldirilgan elementlarning barchasi topilib, davriy sistema to’ldirildi va transuran elementlar kashf etildi. Anorganik kimyoda kimyoviy tekshirishning ikkinchi usuli: analiz va sintez keng qo’llaniladi. 18-asr oxirida kimyoning vazifasi moddalar tarkibini aniqlash, ya’ni ularni analiz qilish deb hisoblangan bo’lsa, 19-asrning boshida kimyogarlar yangi moddalarni sintez qilishga ham tobora ko’proq ahamiyat berdilar. 20-asrda anorganik sintez taraqqiyotiga eksperimental texnikaning erishgan yutuqlari juda katta yordam berdi. 20-asr boshigacha Anorganik kimyoning asosiy vazifasi ko’proq birikmalar hosil qilish deb hisoblangan bo’lsa, hozir bu fan, asosan, birikmalarning hosil bo’lishi va parchalanishi sharoitini, ularning fizik va kimyoviy xossalari va tuzilishini urganadi. Bu hol Anorganik kimyo sohasidagi tadqiqotlarning ilmiy va amaliy ahamiyatini g’oyatda oshirib yubordi. 20-asrning 30-yillarida adabiyotda bayon etilgan anorganik birikmalar soni 50-60 ming edi. Elementlarning kislorod bilan hosil qilgan birikmalari — gidridlar; galogen bilan hosil qilgan birikmalari — galogenidlar; oltingugurt bilan hosil qilgan birikmalari — sulfidlar; azot bilan hosil qilgan birikmalari — nitridlar; uglerod bilan hosil qilgan birikmalari — karbidlar, kislotalar, asoslar, tuzlar, kompleks birikmalar Anorganik kimyoda o’rganiladi. Anorganik kimyoning hozirgi bosh vazifasi yuqori harorat va bosim, mexanik va kimyoviy ta’sirlarga chidamli bo’lgan, boshqa ko’pgina talablarga javob beradigan yangi sun’iy anorganik moddalar tayyorlash va boshqalardir. Bu borada ko’pgina tadqiqot ishlari o’tkazildi. Masalan, texnikaning yangi materiallar sofligiga talabi juda yuqori (yarim o’tkazgichlar va yadro energetikasi materiallarida qo’shimchalar miqdori 10-6% dan oshmasligi kerak), shuningdek mustahkamlik, olovbardoshlik, agressiv muhitlarga chidamlilik (yadro energetikasi, raketa texnikasi, kimyo va qurilish materiallari sanoatida) kabi xossalarga talab oshdi va yaqin vaqtlargacha metallar tarkibida turli masofalarda tartibsiz joylashgan oksidlar bo’lishi nuqson deb hisoblangan bo’lsa, hozir angestremdan kichik iplardan to’rlar yasab, hosil bo’lgan katakchalar ichiga metallni joylashtirib qizdirib yangi tipdagi metallar olish texnologiyasi keng joriy qilindi. Bu maqsadlar uchun faqat yuqori temperaturalarga chidamli oksidlar (karbidlar, boridlar va silisidlar) ishlatiladi. Anorganik texnologiyaning qadimgi sohasi shisha ishlab chiqarishda ham katta yutuqlarga erishildi. Odatda shisha tarkibida kristallar paydo bulsa, shisha mahsulotlari chiqitga chiqarib yuborilardi. Keyinchalik shishaning butunlay mayda tarkibli kristallardan iborat yangi turlarini ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Yuqori ekspluatatsion xossalarga ega bo’lgan sun’iy olmosni ham sintez qilishga erishildi. Yuqoridagi tadqiqotlarda Anorganik kimyoning roli katta. U kimyo sanoatining ilmiy asosi sifatida og’ir sanoatni rivojlantirishda va qishloq xo’jaligini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.