ANSORIY
ANSORIY (taxallusi; asl ismi Abu Ismoil Abdulloh ibn Muhammad Hiraviy) (1006—Hirot— 1088) – mutafakkir, faylasuf va shoir. Tasavvufning yirik namoyandasi. Nasabi ansorlarga taqaladi (taxallusi shundan olingan). 21 yoshida ilm olish uchun tus, Bistom, Nishopurga borgan. 1033 yilda piri Haraqoniy, 1049 yilda Shayx Abu Sayd Abulxayr bilan tanishgan. Dunyoqarashi vujudiyun (panteizm)ga moyil. Hirotda shayxulislom va pir darajasiga ko’tarilgan. Arab va fors tilida ijod qilgan. Forsiy adabiyot tarixida nasrda saj’ga asos solgan va nasriy asarlarda birinchi bo’lib she’riy parchalar keltirgan. She’riy merosi 3 devondan iborat (birortasi ham to’liq saqlanmagan). Falsafa va tasavvufga oid “Kashf ul-Asror” (“Sirlar kashfi”), “Ilohiynoma”, “Zod ul-orifiyn” (“Oriflar yo’l ozig’i”), “Kanz us-solikin” (“Yo’lovchilar boyligi”), “Qalandarnoma”, “Zamm ul-kalom va axlixi” (“Kalom va kalom ahlining tanqidi”), “Manozil us-soirin” (“Sayr etuvchilarning manzillari”) kabi asarlar yozgan. A. Sullamiy (941-1024) ning “Tabaqot ustsufiya” (“Tasavvuf tabaqalari”) asarini arabchadan forsiyga o’girgan. Adabiyotshunoslik, nazm va nasrga oid “Munojot va maqolot”, “Ganjnoma”, “Anis ul-muridin va Shams ul-Majolis” (“Muridlar do’sti va majlislar quyoshi” yoki “Yusuf va Zulayho”), “Nasihatnoma”, “Tuhfat ul-vuzaro” (“Vazirlarga tuhfa”) va boshqa asarlar yaratgan. Asarlarining ko’pchiligi pandnasihat tarzida. Ularda kishilarni ilm-ma’rifatga chaqirgan, hukmdorlarni adolatli, xalqqa tayanch bo’lishga da’vat etgan, insonparvarlik, go’zal insoniy fazilatlar, xalqqa xizmat qilishni uluglagan. “Munojot va maqolot”, “Manozil us-soirin” kabi asarlari, ayniqsa, mashhur bo’lgan. Navoiy Ansoriyni “Muqarrabi Boriy” (“Tangrining yaqini”) deb tilga oladi. Boysung’ur Mirzo Hirotda Ansoriy qabriga muhtasham maqbara bunyod etgan (1425-27). Navoiy u yerda xonaqoh qurdirib, atrofini yana obod qilgan. Ad.: Karomatov H., Abdullo Ansoriy ijtimoiy qarashlarining ayrim xususiyatlari [adabiy meros], 1981, № 3.