ANTIFRIKTSION MATERIALLAR
ANTIFRIKTSION MATERIALLAR (anti … va lotincha frictio — ishqalanish) — sirpanib ishqalanish sharoitida ishlaydigan va ishqalanish koeffitsienti past bo’lgan mashina detallari (podshipniklar, vtulkalar va boshqalar) uchun ishlatiladigan materiallar. Adgeziyaga chidamlilik xususiyati past, yaxshi ishlanuvchan, issiqlik o’tkazuvchan va xossalari barqaror. An.m. sifatida podshipnik materiallari (PM) keng tarqalgan. Ular antifriktsion xossalaridan tashqari zarur turg’unlik, moy muhitida korroziyaga chidamlilik, yaxshi ishlanuvchanlik va tejamlilik xususiyatlariga ega bo’lishi kerak. Ishqalanish yuzasini hosil qiluvchi PM va podshipnikning boshqa qismlariga qo’yiladigan talablar turlicha bo’lgani uchun podshipnik mustahkam konstruktsiyali material (masalan, po’lat) dan, ishqalanuvchi yuza esa Antifriktsion materiallar qatlami (masalan, babbit) dan yasaladi. PM metall va metallmas materiallarga bo’linadi. Metall PM ga qalay, qo’rg’oshin, mis, rux, alyuminiy, ba’zi cho’yanlar asosidagi qotishmalar, metallmas PM ga ba’zi plastmassalar, yog’och asosidagi materiallar, grafit-ko’mir materiallar, rezinalar kiradi. Qalay yoki qo’rg’oshin asosidagi PM (babbitlar) po’lat (ba’zan, bronza) sirtiga quyilgan qatlam ko’rinishidagi podshipniklarda ishlatiladi. Mis asosidagi PM ga qalayli, qalay-qo’rg’oshinli bronzalar, ba’zi latunlar kiradi. Qalay yoki qo’rg’oshin asosidagi, mis asosidagi PM avtomobil podshipniklari tayyorlashda ishlatiladi. Rux asosidagi PM bronza o’rnida ishlatiladi. Alyuminiy asosidagi PM ichki yonuv dvigatellari podshipniklari uchun keng ishlatiladi. Perlitli kulrang cho’yan ma’lum mikrotuzilishda antifriktsion xossaga ega bo’ladi va kichik zo’riqishlar hamda kam tezliklarda ishlaydigan podshipniklar tayyorlash uchun ishlatiladi. Plastmassa asosidagi PM (tekstolit, yog’och shpon, qipiq to’ldirgichli) suv bilan namlanib turadigan, kichik aylanish chastotalarida ishlaydigan vallarning podshipniklarida ishlatiladi. Yogoch asosidagi PM, asosan, tabiiy yog’och va presslangan yog’ochdan tayyorlanib, ko’proq suvli joylarda ishlatiladi. Grafit-ko’mirli PM neft koksi bilan toshko’mir smolasi va ozroq tabiiy grafit aralashmasini presslab, so’ngra termik ishlov berib tayyorlanadi. Bular moylanmaydigan, kichik zo’riqishli va temperaturasi 480° dan oshmaydigan joylarda ishlatiladi. Rezinali PM suvli, kichik zo’riqishli, aylanishlar soni kam (kichik tezlikli) joylarda, metall-keramik PM g’ovak vtulkalar sifatida ishlatiladi.