ANTIGUA VA BARBUDA

ANTIGUA VA BARBUDA (Antigua and Barbuda) — Vest-Indiyadagi davlat. Kichik Antil orollari guruhiga kiruvchi Antigua, Barbuda va Redonda orollarida joylashgan. Maydoni 441,6 km2. Aholisi 64,3 ming kishi (1995), asosan negrlar va mulatlar. Aholining o’rtacha zichligi — 1 km2 ga 145 kishi. Aholining 32% shaharlarda yashaydi. Rasmiy tili — ingliz tili. Dindorlar xristian dinining protestantlik oqimiga mansubdirlar. Ma’muriy-hududiy jihatdan 7 rayonga bo’lingan. Poytaxti — Sent-Jons shahri va porti. Antigua va Barbuda 1981 yilda qabul qilingan Konstitusiya bo’yicha Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlik tarkibiga kiruvchi mustaqil davlat. Davlat boshlig’i Buyuk Britaniya qiroli (qirolichasi), general-gubernator uning vakili hisoblanadi. Qonun chiqaruvchi organi — vakillar palatasi va Senatdan iborat parlament. Ijrochi hokimiyatni general-gubernator tomonidan tayinlanadigan bosh vazir boshchiligidagi xukumat boshqaradi. Antigua va Barbudada Antigua Leyboristlar partiyasi (1968), Birlashgan taraqqiyparvar partiya (1992), Antigua va Barbuda fuqarolik xizmati assotsiatsiyasi (500 a’zo), Antigua professional va ishchilar Ittifoqi (1940, 10 ming a’zo), Antigua ishchilar Ittifoqi (1967, 10 ming a’zo) mavjud. Orollar asosan tekislikdan iborat. Tekislikning eng yuqori nuqtasi — 402 metrga yetadigan Bogti-Pik balandligidir. Antiguaning shim. va Sharqiy qismi ohakchil va yirik donador qum, Markaziy qismi gil formasiyalar bilan qoplangan. Antigua oroli qirg’oqlari kemalar uchun qulay tabiiy to’xtash joylariga ega. Qirg’oq bo’yining ayrim qismlari qoyalar bilan qoplangan. Orollarda iqlim — quruq va quyoshli (bir yilda o’rtacha 1150 millimetr yog’in yog’adi). Quruq mavsum noyabrning oxiridan may oyining boshigacha davom etadi. Tabiiy o’simliklari va hayvonot dunyosi Antiguadan 48 kilometr shimolida joylashgan aholi kam yashaydigan Barbuda orolida saqlanib qolgan. Bu yassi marjon orolning g’arbiy qismida qo’ltiq bo’lib, uning qo’riqxona sharoitida suvda suzuvchi yovvoyi qushlarning ko’p turlari saqlanib qolgan. Orollarning qadimiy aholisi indeyslar bo’lgan. Antigua va Redonda orollarini 1493 yil X. Kolumb o’zining ikkinchi ekspeditsiyasida kashf etgan. Orollar dastlab Ispaniya, Angliya va Frantsiya mustamlakasi, 1667 yildan butunlay Angliya mustamlakasi bo’lgan. Inglizlar orolda plantasiya xo’jaligini tashkil etib, bu yerga Afrikadan nefqullarni olib kela boshladilar. 1834 yil qulchilik bekor qilindi. 1871 yildan 1958 yilgacha Antigua, Barbuda va Redonda orollari Angliyaning shamolli orollar mustamlakasi tarkibida bo’lgan. 1981 yildan mustaqil davlat. Mamlakat iqtisodiyotining asosi — xorijiy sayyohlik va qishloq xo’jaligi. Qishloq xo’jaligi asosan shakarqamish, paxtaning uzun tolali navi, shuningdek, tamaki, kokos palmasi va sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan. Chorvachilik yaxshi rivojlanmagan. O’z oziq-ovqat mahsuloti yetishmaganligi sababli u chetdan keltiriladi. Sanoati qishloq xo’jaligi xom ashyosini qayta ishlash bilan band. Rom ichimligi, paxta va kokos yog’i ishlab chiqariladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari — AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya. Pul birligi — Sharqiy Karib dollari. “Autlet”, “Neyshn” (“Millat”), “Uorkerz voys” (“Ishchi ovozi”) gazetalari nashr etiladi. 1956 yildan radioeshittirish, 1964 yildan teleko’rsatuv tashkilotlari mavjud.