Antik she’riyatning o’ziga xosligi nimada?
Antik san’atga taqlid qiladilar, undan zavqlanadilar, jahon madaniyatida eng a’lo deb sanaydilar uni. Biroq antik adabiyot turlarining barchasi ham kelgusida rivoj topmadi. Bu narsa antik she’riyat chekiga ham tushdi, faqat uning alohida ko’rinishlari, masalan, cho’poniy—bukolik she’riyat, undan ham bo’lsa muayyan tarixiy davrlardagina vorislar tomonidan foydalanilgan edi. Xo’sh, nima uchun shunday bo’lgan? She’riyat hamisha muayyan davr kishisining fikrlari, tuyg’ulari, kechinmalari, holatlarini aks ettiradi. Agar romanda bu hayotni qayd etib borish mumkin bo’lsa, unda yangi davr kitobxoni bunday hikoyani unga noma’lum ko’plab tafsilotlarga ega tarixiy asar sifatida idrok etadi. She’riyatda esa hammasi boshqacha, ko’p asrlar oldingi botiniy dunyoga kirib borish kerak bo’ladi. Buning uchun esa nainki tarixni, ayni chog’da o’sha davr madaniyatini, etnografiyasini ham yaxshi bilish talab etiladi. Ohangli o’qish — she’rlarning o’qilishi va talaffuzining o’ziga xosligi ikkinchi sabab sanaladi. Yunonlar va rimliklarning mahobatli va qat’iy she’rlari eng avvalo ovoz chiqarib o’qishga mo’ljallangan edi. Bunga she’r tuzilishining alohida tizimi ham yo’l qo’yardi. U yunon tilida tovushlar ham cho’ziq va ham qisqa bo’la olishiga asoslangan edi. Qadimiy yunon she’riyatining vazni ham ularning galma-gal kelishi zamirida qurilgan edi. Eng ko’p qo’llaniladigan vazn — gekzametr — 6 uchqijjali ruknga birlashtirilgan 18 bo’g’indan tashkil topgandi. Bu narsa she’rlarning jaranglashiga ulug’vor, sokin harakat baxsh etardi. G’azab, yo, ma’budam, ayla madh Axilles, o’g’lini Peleyning. Yunoniy she’r jarangini tarjimada qayta yaratish qiyin edi, qolaversa keyingi she’riyat ham o’zgacha yo’ldan ketdi. U borgan sayin ko’proq kitobxon bilan to’g’ridan-to’gri o’zaro ta’sir qilishga, uning oniy javoban ta’siriga, idrok etishning aniqligi va namoyonligiga, cho’ziq va qisqa bo’g’inlarning galma-galligiga emas, urg’ularning aniq bir vazndagi ketma-ketligiga asoslangan lisoniy ifodalilikka tayanadigan bo’ldi. Mana shuning uchun ham antik she’riyatning ulug’vor va tantanavor ohanglari yangi zamonning qofiyaga asoslangan she’riyatiga o’rnini bo’shatib berdi.