ANTIMODDA

ANTIMODDA — antizarralardan tashkil topgan materiya tizimi. Antinuklonlar antiyadroni, antiyadro bilan antielektronlar (pozitronlar) antiatomni, anti-atomlar antimolekulani hosil qiladi va hokazolar. Shu ravishda antizarralardan hosil bo’lgan turlicha antijismlar, antiyulduzlar, antigalaktikalar mavjud bo’lishi ehtimoldan holi emas. Antielektron, antiproton, antineytron va boshqa ayrim antizarralar ko’plab tajribalarda aniqlandi. Antiproton bilan bir antineytrondan tashkil topgan antivodorod yadrosi va ikki antiproton bilan antineytrondan tashkil topgan antigeliy yadrosi borligi ham o’tkazilgan tajribalarda ma’lum bo’ldi. Materiya va modda tushunchalari aynan tushunchalar emas. Antimodda kabi modda ham materiya shakllaridan biri. Modda elektron, proton, neytron singari zarralardan tashkil topgan atom va molekulalar to’plamidan iborat. Materiyaning modda shaklida yashashi fanga ko’pdan ma’lum. Materiyaning Antimodda shaklida yashashi faqat 20-asrdagina aniqlandi. Yer yuzasi yoki Kosmos miqyosida modda bilan Antimoddaning o’zaro ta’siri, jumladan, ularning annigilyasiji natijasida RR berishi mumkin bo’lgan katta energiyali turli hodisalarni o’rganish kelajak fizikasining muhim masalalaridandir. Atom va antiatom to’qnashishda juft elektron-pozitronlarning, shuningdek, nuklon va antinuklonlarning shiddatli annigilyatsiya jarayonlari yuz beradi. Barcha mazkur jarayonlar natijasida katta miqdorda energiya ajralib chiqadi. Hozirchalik fan annigilyatsiya energiyasidan foydalanishning samaraliligi haqida fikr yuritish imkonini bera oladigan darajada etarli dalillarga ega emas. Bu energiyaning ko’p qismi neytrino oqimiga hamda moddalar bilan sust o’zaro ta’sirda bo’ladigan g’oyat qisqa to’lqinli gamma-nurlarga to’g’ri keladi. Shunga asoslanib aytish mumkinki, annigilyasiyaning barcha energiyasidan to’liq foydalanishga yaqin vaqtlarda erishish ehtimoldan uzoq. Agar haqiqatan bu g’oya amalga oshadigan bo’lsa, inson g’oyat bitmas-tuganmas energiya manbaiga ega bo’ladi. Zotan, 1 kilogramm modda va Antimoddaning to’liq o’zaro ta’sirida ajralib chiqadigan energiya 3 milliard tonna toshko’mir yonganda olinadigan energiyadan 3 milliard marta, shuncha miqdordagi uranning atom reaktorida “yonishi”dan hosil bo’ladigan energiyadan esa ming marta ziyod bo’ladi. Ad.: Shirokov Yu. M., Yudin N. P., Yadernaya fizika, M., 1972; Bekjonov P. B., Modda tuzilishi, T., 1997.