ANTISEPTIKA
ANTISEPTIKA — jarohatlarni va ularni tozalab davolashda ishlatiladigan asboblarni kimyoviy moddalar bilan yuqumsizlantirish usuli. 1867 yilda ingliz olimi J. Lister frantsuz bakteriologi L. Paster tajribalariga asoslanib operasion xona havosidagi, jarroh qo’lidagi va jarohatga ishlatiladigan narsalar (doka, jarrohlik asboblari) dagi bakteriyalarni yo’qotish bilan jarohatlarni ko’pgina asoratlardan saqlab qolish mumkin, degan xulosaga keldi. Buning uchun u 5% li karbol kislota eritmasiga ho’llangan bir necha qavat bog’lov ishlatdi. Antiseptik kimyoviy preparatlar yuza va chuqur qo’llaniladi. Yuza Antiseptikada jarohat va bo’shliklar xloramin, xlorasid, vodorod peroksid, kaliy permanganat va boshqa moddalar eritmasi bilan yuviladi yoki jarohat yuzasiga antiseptik mazlar (masalan, A. V. Vishnevskiy mazi) surtiladi. Chuqur Antiseptikada esa avj olayotgan jarohat atrofidagi teri ostiga antiseptik suyuqliklar (furasilin, rivanol va boshqa eritmalar), teri osti, muskul orasi yoki venaga antibiotiklar singari antiseptik moddalar yuboriladi. Ikkala holda ham mikroblar yo o’ldiriladi yoki ularning hayot faoliya-ti uchun noqulay sharoit tug’diriladi. Hozir mexaniq fizik, kimyoviy va biologik Antiseptika usullari mavjud. Antiseptika jarrohlik davo usulining ajralmas tarkibiy qismidir.