ANTIZARRALAR

ANTIZARRALAR — massasi, spini, izotopik spini, juft-toqligi o’zining “egizak” zarrasining mos parametrlariga o’zaro teng bo’lib, bir-biridan faqat elektr va nuklon zaryadlari, ajibligi, magnit momentlarining ishoralari bilan farq qiladigan elementar zarralar. Zarra va Antizarralarga misollar: elektron va pozitron, proton va antiproton, neytron va antineytron, neytrino va antineytrino. Bundan ko’rinadiki, Antizarralar zaryadli zarralarda ham, elektr jihatdan neytral (zaryadsiz) zarralarda ham mavjud. Antiproton (r) proton (r) ga nisbatan Antizarralar: massasi, spini, zaryadi va magnit momentining mutlaq qiymatlari protonning tegishli fizik parametrlariga teng. Faqat zaryadi va magnit momentining ishorasi bilan protondan farq qiladi. Antineytron (ya) esa neytral (elektr zaryadi nolga teng) bo’lgan neytrondan faqat magnit momentining ishorasi bilan farq qiladi. Zarra va Antizarralar juftining alohida xossasi — ularning bir-biri bilan uchrashganda annigilyasiyalanib, materiyaning boshqa shakliga aylanishi. Masalan, elektron va pozitron annigilyatsiyasi natijasida ular yo’qolib, foton (yorug’lik kvanti) hosil bo’ladi. Antiproton va antineytronlar nuklonlar bilan annigilyatsiyalanadi, bunda ya-mezonlar hosil bo’ladi.