ANTRAKNOZLAR

ANTRAKNOZLAR (Yunoncha anthrax – kumir, nosos — kasallik) — o’simliklarning poya, barg va mevalarida Gloeosporium, Colletotrichum va Kabatilla urug’lariga mansub parazit zamburug’lar qo’zg’atadigan kasallik. Antraknozlar kasalligi asosan donli, mevali, poliz ekinlari (beda, no’xat, behi, olma, tok, anjir, yong’oq, qovun, tarvuz, uzum, smorodina, malina, bodom, zigir), tsitrus o’simliklari, choy va boshqalarda uchraydi. O’simlikning barg, meva, novda, ildiz qismlarini zararlaydi. Barg va tugunchalar to’kilib ketadi, meva sifati keskin pasayadi. Antraknozlar bilan kasallangan bargda qoramtir hoshiyali to’garak qo’ng’ir dog’lar paydo bo’ladi, novda va mevada paydo bo’lgan dog’usti botiq, pushtisimon g’ubor bilan qoplanadi, keyinchalik yoriladi, yara hosil qiladi. Kasallik qo’zg’atuvchisi yozda konidiya holida rivojlanadi, sporalari zararlangan urug’lik, o’simlik qoldiqlari orqali yuqadi, suv yoki hasharotlar, kamdan-kam shamol orqali tarqaladi. Yoz namgarchilik kelgan yillarda Antraknozlar avj oladi. Bu zamburug’ sporalari nam havoda va harorat 20 — 24° bo’lganda yaxshi rivojlanadi, harorat 28 — 30° ga yetganda rivojlanishi susayadi. Antraknozlar kasalligi poliz ekinlaridan qovun va tarvuz uchun juda xavfli. Antraknozlar bilan kasallangan poliz ekinlarining yosh nihollari, barglari, poya va mevalari zararlanadi, don-dukkakli ekinlarning ildiz bo’g’zi, urug’pallasi va yer ustki qismlari zararlanadi. Toklarda uchraydigan Antraknozlar ham xalq xo’jaligiga katta zarar yetkazadi. Tok barglari, meva va poyalari zararlanadi. Barglarda yirik jigarrang, mevasida qo’ng’ir dog’lar paydo bo’ladi. Toklardagi Antraknozlar kasalligi ko’proq O’rta Osiyo va Zakavkazye respublikalarida tarqalgan. G’o’za antraknozi Yevropa, Osiyo, Afrika, Markaziy va Janubiy Amerika, Avstraliya va Okeaniyada uchraydi. O’zbekistonda uchramaydi va karantin ob’yekti hisoblanadi. Kurash choralari: kasallikka chidamli navlarni ekish, daraxt va buta o’simliklarning zararlangan shoxlarini kesish va yoqish; sog’lom va dorilangan urug’likni ekish; o’simliklarga kasallik avjiga qarab Bordo suyukligi yoki ruxsat etilgan fungisidlarni sepish. Sulton Alimuhamedov.