ANTRANIL KISLOTA

ANTRANIL KISLOTA, o-aminobenzoy kislota, rangsiz kristall. Molekulyar modda 137,14. Suyuqlanish temperaturasi 145°. Issiq xloroform, etanol va piridinda yaxshi eriydi. Haydalganda karboksil guruhini yo’qotib anilinga aylanadi. Eritmalari shirin bo’lib, ko’k fluoressentsiyalanish xususiyatiga ega. Antranil kislota ftalimidning ishqoriy eritmasiga natriy gipobromit yoki natriy gipoxlorit ta’sir ettirib olinadi. Sirka kislota eritmasida Antranil kislota kadmiy, kobalt, mis, nikel, rux, molibden, qo’rg’oshin va simob bilan ichki kompleks (kam eruvchan) birikmalar hosil qiladi. Uning bu xususiyatidan mazkur elementlar miqdorini aniqlashda foydalaniladi. Antranil kislota turli azobo’yoqlar olish uchun asosiy xom ashyodir. Uning metil efiri atir-upa ishlab chiqarishda qo’llaniladi.