ANURIYA

ANURIYA (Yunoncha an — inkor qo’shimchasi va uron — siydik) — siydik tutilishi; bunda buyrakda hosil bo’lgan siydik qovuqqatushmaydi. Prerenal Anuriya buyrak tomirlarining o’smalar bilan qisilishi yoki qayrilib ketishi, shuningdek buyrak arteriyalariga tromb yoki embol tiqilib qolishi natijasida kelib chiqadi. Ko’p qon yo’qotish, yurak-tomirlar sistemasidagi kamchilik va shok, ich ketishi sababli ko’p suyuqlik yo’qotish, beto’xtov qusish, badanning shishib ketishi, assit va shu kabi kasalliklarda qon aylanishining og’ir darajada buzilishi natijasida paydo bo’ladigan Anuriya ham prerenal Anuriyaga kiradi. Bunday Anuriyada buyraklar ham, siydik yo’llari ham zararlanmaydi; arterial bosimning pasayishi, buyraklardan kam qon o’tishi, qonda suvning kamayishi va boshqa ekstrarenal omillar katta rol o’ynagani uchun siydik to’xtashining bu turini ekstrarenal Anuriya deb ham ataladi. Renal (chin) Anuriya buyrak to’qimasining sidirg’a patologik jarayondan zararlanishi (glomerulonefrit, pielonefrit, sulema, kantaridin, qo’rg’oshin tuzlari va sulfanil-amidlardan zaharlanish va hokazolar) natijasida ro’y beradi. Postrenal (buyrak orti) Anuriya esa yuqori siydik yo’llarida siydik oqimini to’suvchi biror illat bo’lishi oqibatida vujudga keladi. Reflektor Anuriya kuchli ruhiy hayajon, jarohatlanishdan keyin qattiq og’riq sezish natijasida paydo bo’ladi. Ikki sutka va undan ortiq vaqt ichida siydik kelmay qolishi uremiyaga sabab bo’ladi.