ANXOY

ANXOY, Anxuey — Xitoy sharqidagi provintsiya, Yantszi daryosi bo’yida. Maydoni 140 ming kilometr kvadrat. Aholisi zich, 56 million kishi (1990). Anxoyning Yantszi daryosidan shimolidagi, ya’ni Buyuk Xitoy tekisligidagi qismi pasttekislik, Janubiy qismi tog’lik. Iqlimi subtropik kontinental, musson ta’siri kuchli. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 0° dan 4° gacha, iyulning o’rtacha temperaturasi 28°. Ko’p yerlarda yiliga 1000 — 1500 millimetr, Xuayxe daryosidan shimolda 600 — 700 millimetr yog’in yog’adi. Daryolari ko’p, yiriklari Yantszi, Xuayxe. Tuprog’i unumdor. Dehqonchilikda g’alla ekinlari, ayniqsa sholikorlik katta o’rin tutadi. Xuayxe daryosidan shimolida bug’doy, makkajo’xori, tariq, indov, rami, tamaki, loviya, paxta, tog’yon bag’irlarida choy ekiladi. Choy, tamaki va sholi yetishtirish jihatidan Anxoy Xitoy provintsiyalari orasida 3 o’rinda turadi. Cho’chqachilik, o’rmon xo’jaligi, konchilik sanoati va metallurgiya rivojlangan. Anxoyda toshko’mir (Xuaynan), temir rudasi (Dantu), mis (Tunguanshan), achchiqtosh, oltingugurt, fosforit qazib chiqariladi. Bir necha elektr stansiya va issiqlik elektr markazlari bor. Dantu shahri yaqinida metallurgiya zavodi, Uxu shahrida kemasozlik korxonalari, Xefey, Banbu shaharlarida qishloq xo’jaligi mashinasozligi va metallsozlik, bir qancha joylarda tegirmon, objuvoz, yog’, choy, ip gazlama, qog’oz korxonalari bor. Barcha yuklarning 2/3 qismidan ko’prog’i daryo va ko’llarda tashiladi. Asosiy portlari: Uxu, Yuysikou (Yantszi bo’yida), Banbu (Xuayxe bo’yida). Ma’muriy markazi — Xefey.