ANZOB
ANZOB — Hisor tizmasidagi dovon. Tojikiston Respublikasida. Balandligi 3372 metr. Anzob dovoni orqali Dushanba — Toshkent avtomobil yo’li Yag’nob vodiysidan Varzob vodiysiga o’tadi.
ANZOB — kechpishar xo’raki uzum navi. Tojikiston dehqonchilik ilmiy tadqiqot institutida |(Kattaqo’rg’on Aleksandriya muskati) X Sultoniy)| navlarini chatishtirib yaratilgan (A. D. Savchenko, I. F. Kirillov). Tupi kuchli o’sadi. Bargi yirik, bir oz cho’zinchoq, besh bo’lmali, kertikli, orqa tomoni qalin tukli. Guli ikki jinsli. Uzum boshi va g’ujumi yirik, teskari tuxumsimon, ko’kimtirsarg’ish. Po’sti qalin, seret, karsillaydi. Hosili kurtak yozilishidan faol harorat yig’indisi 3100 — 3300° da 140 – 150 kunda pishib yetiladi. Hosildorligi 250 — 270 tsentner/gektar. Antraknoz, rag’a kasalliklari va barg o’rovchiga bardoshli; uzoq joylarga jo’natilganda yaxshi saqlanadi.