APPENDIKULYARIYALAR

APPENDIKULYARIYALAR (Appendi-cularia) — xordalilar tipi krbiklilar kenja tipiga mansub sinf. Suvda suzib yuradigan dastlabki xordalilardan kelib chiqqan. Uzunligi 0,5 millimetrgacha, gavdasi tana va dumdan iborat. Dumida xordasi, nerv nayi va ko’ndalang targ’il muskullari joylashgan. Tanasi dildiroq shaffof moddadan iborat qobiq — uycha ichida joylashgan. Uychaning oldingi va orqa tomonida teshik bo’ladi. Dumining harakati tufayli suv oldingi teshigida joylashgan filtrlovchi apparat orqali o’tib orqa teshigidan chiqib ketadi. Filtrlovchi apparatning ingichka ipchalardan iborat panjaralari Appendikulyariyalar uchun oziq bo’ladigan mayda organizmlarni tutib qoladi. Filtrlovchi apparat ifloslanganida Appendikulyariyalar uychasini buzib chiqib yangi uycha qurib oladi. Appendikulyariyalar halqumida endostil va bir juft Jabra teshiklari bo’ladi. Jabraoldi bo’shlig’i bo’lmaydi. Anal teshigi tanasining qorin tomonida. Miyasi ustida yorug’likni sezadigan ko’zchasi va stotosisti joylashgan. Ko’pchilik turlari germafrodit. Faqat jinsiy yo’l bilan ko’payadi. Lichinkasining og’zi va anal teshigi bo’lmaydi. 100 ga yaqin turi ma’lum, barcha dengizlarda, asosan suvning ustki qatlamlarida uchraydi.