APPERSEPTSIYA
APPERSEPTSIYA (lotincha ad – ga, perceptio — idrok, qabul qilish) — psixologiyadagi tushuncha. Idrok jarayonining shaxsning avvalgi bilim va tajribalari, qiziqishi, ehtiyoji va odatlari, yoshi, jinsi, ma’lumoti, kasbi, umuman psixik hayotning barcha mazmuni bilan bog’lanishi anglashiladi. Apperseptsiya hodisasi tufayli kishilar idrokining mazmuni bir-biridan farq qiladi, ya’ni kishilar aynan bir xil narsani o’z bilim darajasi, turmush tajribasi, dunyoqarashi hamda ijtimoiy kelib chiqishiga qarab turlicha idrok qiladilar. Masalan, “reaktsiya” so’zini kimyogarlar moddalarning kimyoviy yo’l bilan birikishi yoki ajralishi deb, sotsiologlar tarixiy taraqqiyotda orqaga chekinish deb, psixolog va fiziologlar esa organizmning ta’sirotga nisbatan qaytargan javob harakati deb idrok qiladilar. Apperseptsiya terminini ba’zan idrokning aniqligi, to’liqligi, yorqinligi kabi sifatlari ma’nosida ham ishlatiladi. Apperseptsiya hodisasi barqaror va vaqtincha deb ataluvchi 2 qismga bo’linadi. Barqaror Apperseptsiya shaxsning dunyoqarashi, e’tiqodi, ideali, bilim va madaniy saviyasi, kasbi hamda qiziqishlariga; vaqtincha Apperseptsiya esa faqat shaxsning idrok jarayonidagi hissiy holati, kayfiyatiga bog’liq.