APPRETLASH

APPRETLASH (Fransuzcha appreter — uzil-kesil ishlov berish) — gazlamalarga turli pardoz eritmalari (appretlar) shimdirib yoki surtib zeb berish, ularni pishiq, yumshoq yoki qattiq qilish. Ip-gazlama, ayniqsa, kanop matolarga kraxmal appretlar bilan ishlov berilganda mato pishiqlashadi, ko’rkamlashadi. Kraxmal appretlar tarkibiga kraxmal va uning gidrolizidan tashqari yumshatuvchi moddalar (yog’, moy, sovun), gigroskopik moddalar (gliserin, osh tuzi), gazmolga jilva beradigan moddalar (mum, parafin), antiseptik moddalar (formalin, solisilat kombinata, mis tuzlari) va boshqalar qo’shiladi. Jun va ipak matolarga ishlov berishda kraxmal o’rnida pitir go’shtidan tayyorlanadigan yelim, jelatin va boshqalar ishlatiladi. Turli sintetik smolalar qo’shib ishlov berilganda mato g’ijimlanmaydigan; gidrofob bilan ishlov berilganda suv o’tkazmaydigan; mis va xrom tuzlari ekstrati bilan ishlov berilganda chirimaydigan; surma, titan, qo’rg’oshin tuzlari, xlorlangan uglevodorodlar bilan ishlov berilganda yonmaydigan; ftor tuzlari, xlorli preparatlar bilan ishlov berilganda kuya tushmaydigan bo’ladi.