AQIDAPARASTLIK

AQIDAPARASTLIK — kishilar ongi va qalbiga ma‘lum mafkuraviy tazyiqlar asosida singdirilib, e‘tiqod darajasiga ko’tarilgan dunyoqarash shakllaridan biri. Aqidaparastlik o’z xususiyatini ikkita shaklda namoyon qiladi: Aqidaning dunyoviy shakli (ateizm, kommunizm); aqidaning diniy shakli, (vahho biylik, Hizb ut-tahrir, Hizbulloh, ―Alqoida va boshqa aqidalarni zamon va makondan ajratgan holda anglab, ularni (o’zgartirib bo’lmas) tushunchalar deb biluvchilar aqidaparastlar deb yuritiladi. Aqidaparastlikning shakllanishi va qaror topishi barcha diniy tashkilotlar va ularning ruhoniylari faoliyati bilan tarixan chambarchas bog’lanib ketgani sababli, u faqat diniy ta‘limotlarga xos hodisa sifatida talqin etib kelinadi. Islomning sunniylik oqimi ilohiyotchilari Qur’oni Karim va hadisi sharifga asoslanib ishlab chiqqan yettita imon talabini aqida deb hisoblaydilar. Shialik oqimida beshta aqida imon talabi hisoblanadi. Bular Allohning yagonaligiga, payg’ambarlarga, imomat (oliy hokimiyat imom – payg’ambar avlodi qo’lida bo’lishiga), adl (ilohiy taqdirning adolatliligi)ga, oxiratning ro’y berishiga ishonchdan iborat. Biroq, barcha dinlarda, jumladan, islomda imon talablaridan boshqa qator tushunchalar ham aqida hisoblanadi. Har bir diniy tashkilot (diniy konfessiya) va muayyan diniy jamoa o‗zlari haqiqatning oxirgi nuqtasi sifatida qabul qilgan ilohiy tushunchalarga qat‘iy ravishda ishonch ruhini dindorlar ongi va qalbiga singdirish uchun juda ko’p vositalar, uslublardan samarali foydalanadilar. Ana shu jarayonda qavmlarda muayyan andoza (model) ga tushgan yaxlit dunyoqarash, dunyoni his etish shakllanadi. Inson fe‘l-atvori, faoliyati muayyan izga tushiriladi. Shundan kelib chiqib, tabiiy va ijtimoiy hodisalarga munosabat belgilanadi. E‘tiqodlariga xilof bo’lgan o’zgacha qarashlar va munosabatlar qaror topishiga iloji boricha qarshilik ko’rsatib keladilar. Aqidaparastlikni fundamentalizm, diniy ekstremizm tushunchalari bilan ham aynanlashtirish bu tushunchalarga noilmiy yondoshuvlarga sabab bo’ladi. Bu tushunchalarda umumiy o’xshash jihatlardan tashqari jiddiy tafovutlar ham borligini nazarda tutgan ma‘qul. Diniy bilimlarni tarixiy davrdan va real ijtimoiy voqelikdan ajratib o’zlashtirib olgan, binobarin, dinlarning asl insonparvarlik mohiyatini tushunmagan va tushunishni istamagan shaxslarni Aqidaparastliklar deyish to’g’ri. Ammo bu tushuncha sof diniy mazmundan ko’ra kengroq mohiyatga ega ekanligini e‘tiborda tutish zarur. Zero, Aqidaparastlik nafaqat dinda, balki ilm-fanda, jumladan, falsafada ham o’zini namoyon etib, ijtimoiy taraqqiyot, milliy istiqlol va inson kamoloti yo’liga g’oyaviy to’siq bo’lishi mumkin. Har qanday sohada chuqurroq bilimga ega bo’lmagan yoki dastlabki bilimlari bilan cheklanib, o’z ustida ishlamay qo’ygan kishilar odatda Aqidaparastlikni rag’batlantiruvchi ijtimoiy kuch sifatida-maydonga chiqadilar. Aqidaparastlik muayyan dunyoqarash bilan bog’liq bo’lgan va ma‘lum bir g’oyaga e‘tiqod qilishga imkon yaratadigan tushunchalarni yodlab olib, ularni zamon va makondan uzgan holda haqiqatning oxirgi nuqtasi sifatida targ’ib etadi. Aqidaparastlik sayoz bilimga ega bo’lgani sababli bahs-munozaraga tish-tirnog’i bilan qarshi chiqadi. Aqidaparastlik ijtimoiy va milliy ongni jilovlab qo’yib, ijtimoiy taraqqiyotni turg’unlikka, hatto orqaga ketishga sabab bo’lishi bilan o’ta xatarlidir.