ARAB DAVLATLARI LIGASI

ARAB DAVLATLARI LIGASI — 1945-yilda arab davlatlari siyosiy yo’nalishlarini muvofiqlashtirish, ular mustaqilligi va suverenitetini himoya qilish, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy aloqa sohalarida hamkorligini rivojlantirish maqsadida tuzilgan mintaqaviy tashkilot. Arab davlatlari ligasiga Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning mustaqil arab mamlakatlari uyushgan. Arab davlatlari ligasi tashkilotchilari – Misr, Suriya, Iroq, Iordaniya, Livan, Saudiya Arabistoni va Yaman Respublikasidir. Keyinroq Arab davlatlari ligasiga Jazoir, Bahrayn, Jibuti, Quvayt, Ummon, Liviya, Mavritaniya, Marokash, Qatar, Somali, Sudan, Tunis, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaman Xalq Demokratik Respublikasi, shundan Falastin Ozodlik Tashkiloti a‘zo bo’ldi. Arab davlatlari ligasining rahbar organi – Kengash (Majlis) hisoblanadi, uning tarkibiga har a‘zo mamlakatdan bitta vakil kiritiladi. Kengash o’z majlislarini biryilda ikki marta o’tkazadi. Hamma a‘zolar uchun majburiy qarorlar faqat yakdil ovoz bilan qabul qilinadi. Ko’pchilik ovoz bilan qabul qilingan qarorlar bularni qo’llab-quvvatlab ovoz bergan mamlakatlar uchungina majburiydir. Kengash huzurida bir necha doimiy ishchi qo’mita va qator ixtisoslashgan tashkilotlar tuzilgan, ular iqtisodiy va ijtimoiy hamkorlik masalalari bilan shug’ullanadi, umumiy loyiha va dasturlar ustida ishlaydi. Arab davlatlari ligasi kotibiyatini Bosh kotib boshqaradi. Arab davlatlari ligasi – boshqaruv idorasi Qohira (Misr)da joylashgan. Arab davlatlari ligasi BMT huzuridagi kuzatuvchi tashkilot mavqeiga ega. 1960- 70-yillarda Arab davlatlari ligasi a‘zolarining soni ko’paydi, ular iqtisodiy qudrati mustahkamlanib, umumiqtisodiy va siyosiy manfaatlari kuchaydi. Shu tufayli Arab davlatlari ligasi doirasida arab davlatlari hamkorligi kengaydi. Liganing umumarab bozori, Arab Taraqqiyot banki, arablararo o’quv yurtlari, Narkotiklarga qarshi kurash olib boruvchi arab byurosi va «Arab press» axborot byurosini tuzish bo’yicha dasturlar ishlab chiqildi.