ARAB DAVLATLARI UYUSHMASI

ARAB DAVLATLARI UYUSHMASI – 1945 yilda Arab davlatlari siyosiy yo’nalishlarini muvofiqlashtirish, ular mustaqilligi va suverenitetini himoya qilish, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy aloqa sohalarida hamkorligini rivojlantirish maqsadida tuzilgan mintaqaviy tashkilot. Arab davlatlari uyushmasiga yaqin Sharq va shimoliy Afrikaning mustaqil Arab mamlakatlari uyushgan. Arab davlatlari uyushmasi tashkilotchilari — Misr, Suriya, Iroq, Iordaniya, Livan, Saudiya Arabistoni va Yaman Respublikasidir. Keyinroq Arab davlatlari uyushmasiga Jazoir, Bahrayn, Jibuti, Quvayt, Liviya, Mavritaniya, Marokash, Qatar, Somali, Sudan, Tunis, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaman Xalq demokratik Respublikasi, shuningdek Falastin Ozodlik tashkiloti a’zo bo’ldi. Arab davlatlari uyushmasining rahbar organi — Kengash (Majlis) hisoblanadi, uning tarkibiga har a’zo mamlakatdan bitta vakil kiritiladi. Kengash o’z majlislarini bir yilda ikki marta o’tkazadi. Hamma a’zolar uchun majburiy qarorlar faqat yakdil ovoz bilan qabul qilinadi. Ko’pchilik ovoz bilan qabul qilingan qarorlar bularni qo’llab-quvvatlab ovoz bergan mamlakatlar uchungina majburiydir. Kengash huzurida bir necha doimiy ishchi qo’mita va qator ixtisoslashgan tashkilotlar tuzilgan, ular iqtisodiy va ijtimoiy hamkorlik masalalari bilan shug’ullanadi, umumiy loyiha va dasturlar ustida ishlaydi. Arab davlatlari uyushmasi Kotibiyatini Bosh kotib boshqaradi. Arab davlatlari uyushmasi – boshqaruv idorasi Qohira (Misr)da joylashgan. Arab davlatlari uyushmasi BMT huzuridagi kuzatuvchi tashkilot mavqeiga ega. 1960-70 yillarda Arab davlatlari uyushmasi a’zolarining soni ko’paydi, ular iqtisodiy qudrati mustahkamlanib, umumiqtisodiy va siyosiy manfaatlari kuchaydi. Shu tufayli Arab davlatlari uyushmasi doirasida Arab davlatlari hamkorligi kengaydi. Uyushmaning umumarab bozori, Arab taraqqiyot banki, arablararo o’quv yurtlari, narkotiklarga qarshi kurash olib boruvchi Arab byurosi va “Arab press” axborot byurosini tuzish bo’yicha dasturlar ishlab chiqildi.

Arab yozuvi haqida bilasizmi?