ARAB RAQAMLARI
ARAB RAQAMLARI — o’nta matematik belgi 0, 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9. Bu raqamlar bilan istalgan katta yoki kichik sonni yozish mumkin. Arablar Iroq, Misr va Suriyani istilo qilgunga qadar yunon alifbosiga asoslangan raqamlardan foydalanganlar. 6-asrdan boshlab Arab alifbosi harflari bilan ifodalanuvchi raqamlar qo’llanilgan. Al-Xorazmiy Hindistonda kashf etilgan o’n raqamdan iborat martabali sanoq tizimini o’rgandi, soddalashtirdi, kengaytirdi va birinchi marta Arab tilida bayon qildi. Al-Xorazmiy “arifmetika”si bilan birga bu hind raqamlari Arab dunyosiga kirib keldi. Xorazmiyning bu asari arabchadan lotinchaga tarjima qilinib, 10-asrda Ispaniyaga, 12-asrda Yevropaning boshqa mamlakatlariga tarqaldi. Arab raqamlari hanuz jahonda shunday deb yuritiladi. Uni jahonga tarqatgan al-Xorazmiy ekani Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston” asarida ham aytib o’tilgan.