ARABLAR
ARABLAR, al-Arab — G’arbiy Osiyo va shimoliy Afrikadagi Arab mamlakatlarida yashovchi xalqlar guruhi. Umumiy soni 199 million kishi (1992). Arablar, asosan Afrika va Osiyo mamlakatlarida: Misr, Sudan, Liviya, Tunis, Jazoir, Marokash, Livan, Suriya, Iroq, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Yaman va boshqa yerlarda yashaydi, bu mamlakatlar aholisining qariyb 80% ini tashkil qiladi. Katta yevropeoid irqiga mansub. Arab tilida so’zlashadi. Arablar ko’pchiligi sunniylar. Bundan tashqari, Arablar ichida musulmon dinining bir qancha mazhablari mavjud; shialar — Iroq, Yaman, Suriya va Livanda; ibodiylar — shimoliy Afrikada; zaydiya va ismoiliylar — shimoliy va Sharqiy Iroqda, Livanning tog’li tumanlarida yashaydilar. Misr, Livan, Suriya va Iordaniyada yashovchi Arablarning bir qismi xristian diniga e’tiqod qiladi. Asl vatani Arabiston yarim oroli. Miloddan avvalgi 1-ming yillikda va milodning dastlabki yillarida Arablar Suriya, Iroq, Shim. Afrika yerlariga kelib joylashgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillikda dastlabki Arab davlatlari — Palmira (Tadmor), Nabateya va Lihyon vujudga kelgan. 5-asrda bir qancha Arab davlatlari (G’asson va laxm; shim. Arabistonda) paydo bo’ladi. 6 — 7-asrlarda ayrim Arab elatlari tashkil topdi. 7-asrda Arab xalifaligi barpo etildi. Arablarning xalifalik hududidagi boshqa xalqlar bilan aralashib ketishlari natijasida yangi elatlar va davlatlar (Falastin, Suriya, Livan (Lubnon), Iroq, Misr va shimoliy Afrika davlatlari) yuzaga keldi. O’rta Osiyo arablari — O’rta Osiyo davlatlarida yashovchi, o’zlarini Arab deb yurituvchi etnik guruh. Ajdodlari 7 — 14-asrlar davomida kelib o’rnashib qolgan. O’zbek, turkman va tojik millatining tarkibiga kirgan. O’rta Osiyo arablari asosiy qismi O’zbekistonning Buxoro, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida, shuningdek Farg’ona vodiysi shimoliy-Sharqiy qismida yashaydi. 2 guruhga bo’linadi: Shayboniy va sanoniy. O’rta Osiyo arablari o’zlarining qadimiy madaniyatlari, urf-odatlarining ayrim belgilarini saqlab qolganlar. Arab tili ikkinchi til sifatida ayrim qishloqlarda hozirgacha qo’llanib kelinadi. Bularning shevalarida yerlik xalqlar tilining ta’siri juda kuchli. O’rta Osiyo arablari xo’jaligida chorvachilik muhim o’rin tutadi. Suvli yerlarda yashaydigan Arablar dehqonchilik qiladi. O’zbekistonda Arablar nomi bilan bog’liq ko’plab joy nomlari mavjud. Ad.: Belyaev E. A., Arabi, islam i arabskiy xalifat v rannee srednevekove, 2-e izd., 1966; Narodi Sredney Azii i Kazaxstana, ch. 2, M., 1963; Volin S. A., K istorii sredneaziatskix Arabov, v SB.: Trudi Ivan, v. 36, M.-L., 1941.