AREAL

AREAL (lotincha area — maydon, makon) — o’simlik yoki hayvonlarning biror turi, turkumi yoki oilasi tarqalgan hudud. Yaxlit (yalpi) Areal va ajralgan (bo’lingan) Areal farqlanadi. Agar bir Arealdagi o’simliklarning turlari bir tekis, o’z hayotiga qulayroq joylarda ko’p uchrasa — yaxlit Areal; yaxlit Areal ikki yoki undan ortiq oblastlarga bo’linsa — ajralgan Areal paydo bo’ladi. Bunda oraliq maydondagi turlarga mansub individlarning bir qismi qirilib ketadi. Turlar bir qancha qit’a, ummonlarni egallasa (masalan, g’alladoshlar oilasi, chumchuqsimonlar, delfinsimonlar turkumlari va boshqalar) keng miqyosdagi, kengayuvchi Areal hosil bo’ladi. Keng tarqalgan hayvon va o’simlik turlari kosmopolit turlar yoki panendemiklar deb ataladi. Areal uncha katta bo’lmasligi ham mumkin. Ayrim o’simlik turlari (endemiklar) juda cheklangan, tor joylardagina (masalan, orolda, g’orda va boshqalarda) o’sadi. Areal chegarasi doimiy bo’lishi yoki odam ta’siri bilan o’zgarishi mumkin. Areal doirasida tur individlari barobar taqsimlanmagan bo’ladi, markazda ko’proq joylashib, chekkaroqlarida tobora siyraklasha boradi. Odam faoliyati ta’sirida o’zgargan Areal sun’iy Areal (introduktsiyalangan va iqlimlashtirilgan turlar Areal) deyiladi. Masalan, 19-asr oxirlarida ancha serhosil Meksika g’o’zasi Amerikadan O’rta Osiyo va Zakavkazega yoki kivi o’simligi yangi Zelandiyadan Yevropaga keltirilganidan so’ng, bu yerlarda ularning sun’iy Areal barpo etildi. Tabiatda sochma Areal, sertarmoq Areal, tutash Areal, yondosh Areal, kengayuvchi Areal, torayuvchi Areal, uzilgan Areal va boshqa turlari uchraydi.

AREAL (xaritagrafiyada) — xaritada voqea va hodisalarni tasvirlash usuli. Ularning chegarasi uzluksiz chiziq, rang yoki shtrix bilan ko’rsatiladi, ba’zan Areal ichiga belgilar qo’yilishi yoki izoh yozilishi mumkin. Bu usuldan geobotaniq zoogeografik hamda iqtisodiy xaritalar va aholi xaritalari tuzishda foydalaniladi.