ARKANZAS

ARKANZAS — AQShdagi daryo, Missisipi daryosining o’ng irmog’i. Uzunligi 2410 kilometr, havzasining maydoni 416 ming kilometr kvadrat. Qoyali tog’lardan boshlanib, Buyuk va Markaziy tekisliklardan o’tadi. Bahorda to’lib oqadi, ba’zan toshadi, qor va yomg’ir suvlaridan to’yinadi. O’rtacha suv sarfi 1300 m3/sek. Yirik suv ombori qurilgan. 1000 kilometr masofada kemalar qatnaydi. Arkanzas daryosi yoqasida Uichito, Talsa va Litl-Rok shaharlari joylashgan.

ARKANZAS — AQSh janubidagi shtat, Missisipining o’ng sohilidagi sertepa tekislikda. Maydoni 137,5 ming kilometr kvadrat. Aholisi 2,4 million (1993). Ma’muriy markazi — Litl-Rok shahri. Qishi iliq, yozi issiq, yog’in ko’p (1000 millimetrdan ortiq), tuprog’i, asosan, qizil, sariq va allyuvial. Daryo vodiylari va qayirlarida subtropik o’rmon (sarv, kamed daraxti va boshqalar), qirlarda qarag’ay-dub o’rmonlari bor. Arkanzasda qattiq yog’och tayyorlanadi. Qishloq xo’jaligida asosan tovar mahsuloti ishlab chiqariladi. Paxta, soya, sholi ekiladi; Arkanzas AQSh dagi asosiy paxtachilik rayonlaridan biri. Chorvachilikda go’sht uchun jo’ja boqish (broyler) asosiy urin tutadi. Boksit qatlamlarini qayta ishlash bo’yicha AQShda 1-o’rinda. Oziq-ovqat, o’rmon, yog’ochni qayta ishlash, tsellyuloza-qog’oz, kimyo sanoati, radioelektron tovarlar ishlab chiqarish yaxshi yo’lga qo’yilgan.