ARPA

ARPA (Hordeum) — g’alladoshlar oilasiga mansub bir va ko’p yillik o’tsimon o’simliklar turkumi. Yevrosiyo va Amerikada 30 ga yaqin turi ma’lum. Dehqonchilikda Arpa O’rta Osiyo (Turkmaniston Janubi) da miloddan avvalgi 12— 10-ming yillikdan ekib kelinadi. Vatani Old Osiyo. Ekma Arpa (N. sativum) jahondagi ko’pgina mamlakatlarda etishtiriladi. Biologik xususiyatlariga ko’ra, Arpa bahori va kuzgi turlarga bo’linadi. Arpa ildiz to’plami popuksimon: asosiy ildiz haydalma qatlamda rivojlanadi. Poyasi poxolpoya, 4 — 6 ta bo’g’imli, bo’yi 30 — 35 santimetrdan 130 — 134 samtmetrgacha. Bargi barg plastinkasi, barg qini, tilcha va quloqchalardan iborat, boshqa g’alla o’simliklarining bargidan ko’ra kengroq. To’pguli boshoq. Mevasi pardali yoki yalang’och don, rangi sarg’ish, och jigarrang va och kulrang. 1000 ta doni vazni 20 — 60 gramm. Bahori Arpaning vegetatsiya davri 55-110 sutka, kuzgisiniki 180 — 210 sutka (nav xususiyatlari va ekiladigan hududga qarab). Arpa eng tezpishar don ekinidir. Arpa o’zidan changlanuvchi o’simlik, guli yopiq. Maysalari 4 — 5° da unib chiqadi, o’sib rivojlanib borishi uchun qulay harorat 22°. Arpa issiqqa chidamli o’simlik, havo quruqligini yaxshi ko’taradi. Xalq xo’jaligida Arpadan xilma-xil maqsadlarda (oziq-ovqat, yem, pivo sanoati uchun xom ashyo) foydalaniladi. Donida 13% suv, 2% oqsil, 64,6% uglevodlar, 5,5% klechatka, 2,1% yog’, 2,8% kul moddasi bor. 1 kilogramm arpa doni 1,2 ozuqa birligiga teng. Lalmi dehqonchilik mintaqasida bahori, sug’oriladigan yerlarda kuzgi-qishki va ko’klamgi namdan yaxshi baxra oladigan yuqori hosil beradigan kuzgi Arpa yetishtiriladi. Juda erta quruq jazirama issiq boshlanmasidan oldin (mayning oxiri — iyun) pishib yetiladi. Sug’oriladigan maydonlarda har gektaridan 50 tsentnergacha hosil beradi. O’zbekistonda sug’oriladigan yerlarda Qarshi, Zafar, tsiklon; lalmi yerlarda Baysheshek, unumli arpa, Nutans va boshqa navlari ekiladi. Urug’lari 4 — 5 santimetr chuqurlikga qadaladi, ekish me’yori Arpaning faqat o’zi ekilganda 100 — 120 kilogramm/gektar, vika bilan birga ekilganda 50 — 70 va 40 — 50 kilogramm/gektar. Arpa o’g’itlarga talabchan. Yuqori hosil olish uchun gektariga 30 — 45 kilogramm N (azot), 45 – 60 kilogramm R2O5 (fosfor), 60 kilogramm K,o (kaliy) solinadi. Arpa zararkunandalari: shved pashshasi, Gessen pashshasi, simqurtlar, arrakashlar, Ko’kko’z va boshqalar; kasalliklardan eng ko’p zararlaydigani qorakuya, zang kasalligi, unshudring, fuzarioz, bakterioz va boshqalar. Ad:. Kurbanov K., Yachmen v usloviyax bogaru Uzbekistana, T., 1972; Yigitaliyev M., Muhammadxonov S, dala ekinlari selektsiyasi va urug’chiligi, T., 1981. Qo’ziboy Dushamov.