ARTIKULYATSIYA

ARTIKULYATSIYA (lot. articulation – bo’g’in-bo’g’in, alohida-alohidaga bo’linish) — (manfaatlar) siyosiy tizim funksiyasi. Nodavlat va jamoat tashkilotlari individlar va ijtimoiy guruhlarning tarqoq qarashlari, ijtimoiy ruhiy kechinmalari va umidlarini aniq va ma‘lum siyosiy maqsadlar va talablarga aylantirish jarayonidir. U qaror qabul qiluvchi tashkilotlarga talablarni bayon etish vazifasini bajaradi. Demokratik siyosiy tizimlarda bu vazifani – manfaat guruhlari, siyosiy partiyalar, parlament; avtoritar siyosiy tizimlarda – korporativ institutlar bajaradi. G.Almond va A.Pauell fikricha faqat ochiq ko’rinib turgan manfaatlargina emas, latent (yashirin) manfaatlar ham artikulyatsiya qilinishi mumkin. Artikulyatsiya qarorlar qabul qiluvchi subyektlarga aholining talablari, ehtiyojlari, kutishlarini yetkazish vazifasini bajaradi. Shu orqali aholi siyosiy jarayonga jalb etiladi, siyosat subyektiga aylanadi. Artikulyatsiya vositasida guruhiy munosabatlar quyidan yuqoriga qarab quriluvchi siyosiy munosabatlar tizimini tashkil etadi. Deyarli barcha ijtimoiy guruhlar manfaatlarini Artikulyatsiya qila oladilar. Odatda artikulyatsiya subyektlari sifatida quyidagilar ko‗rsatiladi: aholi (makroijtimoiy guruh); fuqarolar uyushmasi (aholining alohida qismi); malakali guruh (vositachi tuzilma); yetakchi. Guruhlar ilgari surayotgan talablar ichidan muammoning asl sababini aniqlash juda muhim. Artikulyatsiya hokimiyatga qo’yilayotgan talablarni saralashni va ularni muhimligi va ahamiyati jihatidan pog’onalashtirishni talab etadi. Siyosiy manfaatlar turli shakllarda: iltimos, savol, talab, shiorlar, partiyalarning dasturiy maqsadlari tarzida, shun., mavhum, noaniq bayonotlar tarzida ham ifodalanishi mumkin.