ARTROZ

ARTROZ (Yunoncha arthron — bo’g’im)— bo’g’imning distrofik surunkali kasalligi. Moddalar almashinuvi va ichki sekresiya bezlari faoliyatining buzilishi, bo’g’imlarning shikastlanishi, shamollash, intoksikasiya, infektsion kasalliklar oqibatida kelib chiqadi. Tor poyabzal kiyish oyoq panjasi bo’g’imlari Artroziga sabab bo’lishi mumkin. Artrozda yirik (tizza, chanoq-son, boldir-tovon, bilak) hamda mayda bo’g’imlar, xususan umurtqa pog’onasi bo’g’imlari (spondiloartroz) zararlanadi. Bo’g’imlar bir oz shishadi, bosib ko’rilganda og’riydi; bukish yoki yozish chog’ida qirsillagan tovush eshitiladi. Ko’pincha 40 — 60 yashar ayollar o’rtasida uchraydi. Qaysi bo’g’im zararlanganligi va kasallik bosqichiga qarab davo qilinadi.