ARXEOLOGIYA

ARXEOLOGIYA (arxeo… va logiya), qadimshunoslik — qadimgi moddiy madaniyat yodgorliklariga asoslanib kishilik jamiyati o’tmishini o’rganuvchi fan. Mehnat qurollari, uy-ro’zg’or buyumlari, qurol-yarog’lar, zeb-ziynatlar, uy-joy, ustaxonalar, mudofaa va irrigatsiya inshootlarining qoldiqlari hamda o’tmishga oid turli topilmalar Arxeologiyaning bosh manbai bo’lib, ularni chuqur ilmiy o’rganish asosida o’tmishdagi kishilik jamiyatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tarixining umumiy manzarasi tiklanadi. Shu sababli Arxeologiya tarix fanining bir tarmog’i hisoblanadi. Arxeologiya so’zini miloddan avvalgi 4-asrda Platon (Aflotun) qadimgi voqealar ma’nosida ishlatgan. Ilmiy maqsadlardagi dastlabki arxeologik qazishlar 18-asr boshidan boshlangan. 19-asr yirik arxeologik kashfiyotlar davri bo’lib, Arxeologiya fan sifatida shakllanib bordi, 19-asrga asosan 4 qismga bo’linib o’rganilar edi; Yunoniston va Rimning quldorlik davri yodgorliklarini o’rganuvchi mumtoz Arxeologiya, ibtidoiy Arxeologiya, o’rta asr moddiy-madaniyat yodgorliklarini o’rganuvchi umumiy Arxeologiya va Sharq Arxeologiyasi. 20-asr boshida ular birlashib, keng mazmunli hozirgi zamon Arxeologiyasi shakllandi. O’zbekistonda arxeologik tekshirishlar 19-asrning oxirgi choragida, Turkistonni Rossiya bosib olganidan so’ng boshlandi. Rossiya imperiyasi Turkistonning o’tmishi, xalqining urf-odati, qadimgi qo’lyozmalarini o’rganish orqali o’lkada o’zining mustamlakachilik rejimini mustahkamlamoqchi edi. Turkiston osori atiqalarini o’rganishni dastavval rus Arxeologiya havaskorlari va o’lkashunoslari boshlab berdi. 1895 yil V. V. Bartoldning tashabbusi bilan Turkiston arxeologiya havaskorlari to’garagi tuzilib, Arxeologiya ishlari shu to’garak nazoratida olib boriladi. O’sha davrda o’tkazilgan Arxeologiya tadqiqotlarida V. V. Bartold, V. L. Vyatkin, N. I. Veselovskiylarning xizmati katta bo’ldi. Ammo arxeologik yodgorliklarni hali har tomonlama, keng o’rganilmaganligi hamda topilmalar yaxshi aniqlanmaganligi sababli bu vaqtda ibtidoiy va undan keyingi ilk davrlar mutlaqo yoritilmadi. Shunday bo’lsa ham 19-asr oxiri — 20-asr boshlaridagi Turkistonda olib borilgan arxeologik izlanishlar O’zbekiston tarixshunosligida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. O’rta Osiyo xalqlarining qadimgi moddiy-madaniyat yodgorliklarini o’rganishda dastlabki qadamlar qo’yildi. Mahalliy xalq o’rtasida o’z Vatanining o’tmish yodgorliklari bilan qiziquvchi Akram polvon Asqarov, Mirza Abdulla Buxoriy, Muhammad vafo kabi qadimgi buyumlar hamda chaqa-tangalarni to’plovchi havaskor o’lkashunoslar paydo bo’ldi. Bu davrda Turkiston arxeologiyasi havaskorlik darajasida bo’lib turli xil (ko’proq numizmatikaga doir) topilmalarni to’plashdan iborat bo’lgan. Afrosiyob, Ulug’bek rasadxonasi va Poykand xarobalarida dastlabki qazishmalar olib borilgan. O’zbekistonda Arxeologiya fani 20-30- yillarda shakllandi. V. L. Vyatkin Afrosiyob xarobasini (1925; 1929-30), B. P. Denike qadimgi Termizni (1926-27), M. E. Masson Ohangaron vodiysini (1925— 28), Ayritom xarobalarini (1932-33) qazib o’rgandilar. 30-yillarda keng ko’lamda qazish ishlarini A. Yu. Yakubovskiy Zarafshon vodiysida (1934, 1939), M. E. Masson qadimgi Termizda (1936 — 38), V. A. Shishkin Tali Barzuda (1936 – 39), Varaxshaaya (1937 – 39), S P. Tolstov, Ya. F. G’ulomov qadimgi Xorazm vohasida (1937 — 50), A. P. Okladnikov teshiktosh va Machay g’orlarida (1938 — 39), V. V. Grigoryev Qovunchitepa xarobalarida (1934— 37) olib bordilar. To’plangan arxeologik materiallar O’zbekiston tarixini davrlashtirishda muhim manba bo’ldi, yangi arxeologik madaniyatlar (Kaltaminor, Tozabog’yop, Qovunchi madaniyatlari va boshqalar) o’rganilib, fanga kiritildi. Teshiktosh g’oridan neandertal tipidagi odam skeletining topilishi O’zbekiston arxeologiyasida buyuk kashfiyot bo’lib, dunyo olimlarida katta qiziqish uyg’otdi. O’zbekistonda arxeologiya fanini rivojlantirishda O’rta Osiyo davlat untida arxeologiya kafedrasining ochilishi (1940), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya bo’limining tashkil etilishi (1943) katta ahamiyatga ega bo’ldi. Arxeologik yodgorliklarni rayonlarga bo’lib o’rganishda Termiz arxeologik kompleks ekspedisiyasi, Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspedisiyasi, Pomir-olay va Pomir-Farg’ona ekspeditsiyalari katta rol o’ynadi. 50-yillarda O’zbekiston arxeologiya ekspeditsiyasi otryadlari Toshkent vodiysida mozorqo’rg’onlarni (T. A’zamxo’jayev), Zamonbobo jez davri qabristonini (Ya. G’ulomov), Bolaliktepa yodgorligini (L. I. Albaum) va boshqalarni o’rganishga kirishdi. 60-yillarda Moxondaryo arxeologik otryadi Ya. G’ulomov rahbarligida Zarafshonning quyi oqimida miloddan avvalgi 4— 2-ming yillikka mansub 60 dan ortiq neolit va jez davriga oid manzilgohlar, Uchtut chaqmoqtosh konlari (A. Askarov, M. Qosimov, O’. Islomov va T. Mirsoatov), Mo’minobod qabristoni (A. Askarov), Samarqand makoni (D. N. Lev, M. Jo’raqulov), Chust jez davri qishlog’i xarobasi (V. Sprishevskiy), Dalvarzintepa (Yu. A. Zadneprovskiy), Xolchayon (G. A. Pugachenkova) va boshqalar arxeologik obidalarda keng ko’lamda qazishlar olib bordi. Tuproqqal’a, Varaxsha, Bolaliktepa, Afrosiyob, Quva podshoh saroylari va ibodatxonalarining o’rganilishi, Samarqand va Mug’tog’ida qadimgi Sug’d, Xorazmda Xorazmiy yozuvlarining topilishi O’zbekiston madaniyatining yuqori darajaga ko’tarilganini ko’rsatadi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya institutining tashkil etilishi (1970) O’zbekistonda arxeologik tadqiqotlarni yanada kengaitirishga imkon berdi. 70-80-yillarda institut jamoasi tomonidan O’zbekistonning deyarli barcha viloyatlarida keng qamrovli arxeologik kuzatuv va qazishlar o’tkazilib, o’tmishning eng qadimgi davri — tosh asridan to so’nggi o’rta asrlarga mansub ko’plab nodir yodgorliklar topildi. Masalan, Buxoro, Toshkent, Surxondaryo, Farg’ona, Samarqand viloyatlarida Teshiktosh, Amir Temur, Omonqo’ton, Obirahmat, Xo’jakent, Qapchig’ay, Obishir, Qoratog’, Xo’jamazgil (M. Qosimov, O’. Islomov, N. Toshkenboev, R. Sulaymonov, M. Xo’janazarov) kabi qadimgi tosh davri g’or makonlari hamda Xorazm cho’llarida yangi tosh (neolit) va jez davri makonlari (A. Vinogradov, M. Itina) o’rganilishi diqqatga sazovordir. Bu yodgorliklardan topilgan ashyoviy materiallar O’zbekiston tarixining eng qadimgi davri manzarasini tiklashda asosiy manba bo’lib xizmat qildi. Ayniqsa O’zbekistonning Janubiy tumanlarida qadimgi dehqonchilik madaniyatiga tegishli ko’plab yodgorliklarning (Sopollitepa, Jarqo’ton, Kuchuktepa, Mirshodi) topilishi va o’rganilishi (A. Askarov, T. Shirinov, Sh. Shaydullaev) qadimgi Baqtriya madaniyatining genezisi, taraqqiyot bosqichlari va bu yerlarda ilk shahar madaniyatining shakllanish jarayonini kuzatish imkonini berdi. Maxsus tadqiqotlar Samarqand, Buxoro, Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari va Farg’ona vodiysi, Qoraqalpog’iston hududidagi qadimgi shaharlarni o’rganishga bag’ishlandi. Ayniqsa qadimgi shaharlar — Yerqo’rg’on (R. Sulaymonov, M. Isomiddinov), Qanqa (Yu. Buryakov), Eski Termiz (Sh. Pidayev, T. Annayev), Dalvarzintepa (E. Rtveladze, B. Turg’unov), Shoshtepa va Oqtepa (M. Filanovich), qadimgi Buxoro va Poykend (A. Muhammadjonov, jez davriga oid sopol buyumlar (miloddan avvalgi 2-ming yillik o’rtalari). J. Mirzaahmedov, Sh. Odilov), Axsikat va Pop (A. Anorboyev, B. Matboboyev), Afrosiyob (X. Oxunboboyev, M. Isomiddinov), Xiva (M. Mambetullayev), Mizdahqon (V. Yagodin) kabi yodgorliklarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar samarali bo’ldi. Xorazm va Zarafshon vodiysida Ya. G’ulomov, B. V. Andrianov, A. R. Muxammadjonov va boshqalarning qadimgi irrigatsiya va dehqonchilik vohalarining vujudga kelishi jarayonlarini o’rganish borasida olib borgan arxeologik va etnografik izlanishlari alohida ahamiyatga ega bo’ldi. Bu davrda Zarafshon vodiysi, Xorazm, Surxondaryo va Sirdaryo vohalari hamda Farg’ona vodiysida olib borilgan arxeologik va antropologik izlanishlar tufayli O’rta Osiyo, xususan O’zbekiston yerlarida yashovchi aholining asosiy antropologik tiplarga bo’linganligi ularning shakllanish tarixini yoritish imkonini berdi; o’zbek etnosining o’ziga xos xususiyatlari, tub etnik elementlarning ularga kelib qo’shilgan etnoslar bilan qorishib ketish jarayoni kuzatildi. Bu masalaga oydinlik kiritishda T. Xo’jayov, K. Shoniyozov va boshqalar hissasi salmoqli bo’ldi. Shu asnoda Arxeologiya fanining turli davr va yo’nalishlari bo’yicha ilmiy maktablar tarkib toddi. Ularga Ya. G’ulomov, S. P. Tolstov, A. P. Okladnikov, M. E. Massoy va G. A. Pugachenkova kabi olimlar asos soldi. Yirik asar va risolalar nashr etildi. Mustamlaka davrida O’rta Osiyo, jumladan O’zbekiston hududidan topilgan eng nodir arxeologik topilmalar, qo’lyozma asarlar talon-taroj etilib Moskva, Sankt-Peterburg, shuningdek boshqa xorijiy mamlakatlarga tashib ketildi. Mas, mashhur Amudaryo xazinasi Londondagi Britaniya muzeyiga olib ketilgan. Arxeologik izlanishlar maqsadi va natijalarini o’zbek xalqi tarixi bilan bog’lash tom ma’noda mustaqillik yillaridan boshlandi. O’zbekiston Arxeologiyasi o’z tadqiqotlarining samarasi bilan jahon ilmiy darajasiga ko’tarildi. Frantsiya, Germaniya, Yaponiya, Italiya va Polsha bilan hamkorlikda arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda. Rossiya (Moskva, Sankt-Peterburg) olimlari bilan ilmiy aloqalar mavjud. Abdulahad Muhammadjonov.