ARXEOPTERIKS

ARXEOPTERIKS, arxeornis, dastlabki qush (Archaeopteryx) — qushlarning eng qadimgi qirilib ketgan urug’i, kaltakesakdumlilar (Saururae, ya’ni Archaeoruithes) kenja sinfiga kiradi. Zag’izg’on kattaligidagi bitta turi (A. lithographica) ma’lum. Arxeopteriks patlarining izi dastlab 1860 yil, to’liq skelet qoldig’i esa 1861 yil Bavariya (Germaniya) da yura qatlamidan topilgan. U Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Hozir Arxeopteriksning 5 ta skeleta ma’lum. Arxeopteriks tuzilishida sudralib yuruvchilarga (2 chekka yoyi, miyasi kichik bo’lishi, tishlarining alveollarda joylashganligi, qorin qovurg’alarining amfitsel tipda tuzilganligi, 20 ta umurtqadan iborat dumi bo’lishi, muguz tumshug’i bo’lmasligi va boshqalar) va qushlarga xos belgilar bo’lishi (pat qoplami, qanotlari qoqish patlarining uzun va asimmetrik tuzilganligi, oyoqlarining suyaklari qisman pnevmatik xususiyatga ega bo’lishi) filogenetik jihatdan sudralib yuruvchilar bilan qushlarning o’zaro bog’liqligini ko’rsatadi. Arxeopteriksni o’rganish asosida evolyutsiyaning mozaikligi to’g’risida tasavvur paydo bo’lgan. Ko’pchilik olimlar Arxeopteriksni qushlarning dinozavrlardan, ikki oyoqli timsohlar yoki psevdozuxitlardan kelib chiqqan bevosita ajdodi deb hisoblashadi. Biroq ayrim tadqiqotchilarning fikricha — Arxeopteriks sudralib yuruvchilardan kelib chiqqan yon tarmoq bo’lib, ulardan qushlar kelib chiqqan bo’lishi mumkin. Arxeopteriks uchish qobiliyatiga ega bo’lmagan, shoxdan-shoxga yoki yerga sakraganida qanotlaridan, shoxlarda o’rmalaganida qanotidagi tirnoqlaridan foydalangan. Arxeopteriksning qoldiqlaridan biri arxeornis (Archaeornis siemensi) alohida urug’ va tur sifatida yozilgan. Lekin ko’pincha barcha topilmalar bitta turga kiritiladi.