“ASIL VA KARAM”

“ASIL VA KARAM” — xalq dostoni. Turkiylarning o’g’uz guruhiga mansub qavmi orasida aytib kelingan. Ayniqsa, Xorazm vohasida mashhur, shuningdek Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron, Armaniston, Kurdiston va Iroqda ham ma’lum. “ASIL VA KARAM” qaysi variant yoki versiyada ijro etilmasin, uning asosiy mundarijasi chin sevgi-muhabbat g’oyasini tarannum etishdan iborat. Uning ko’pchilik ishqiy romantik dostonlardan farqi shundaki, agar boshqa dostonlar qahramonlari uzoq, davom etgan judolik va turli-tuman sarguzashtlardan so’ng topishib, murod-maqsadlariga erishsa, “ASIL VA KARAM” da ikki sevishganning taqdiri fojia bilan tugaydi. “ASIL VA KARAM” ning eng mukammal o’zbekcha varianti Xonqa tumanida yashagan so’na xalfadan yozib olingan bo’lib, Xorazm xalqiga xos bo’lgan mahalliy xususiyatlarga boy. Bunda faqat ikki sevishgan qalb sarguzashtigina emas, balki 16-asr tarixiy sharoiti ham ma’lum darajada aks etgan. Buni doston qahramonlarining diniy e’tiqodi, turmushga nisbatan munosabatlari, shuningdek Xorazm o’zbeklari etnomadaniyatiga xos jihatlardan ham anglash mumkin. “ASIL VA KARAM” dostoni ilgari baxshilar tomonidan kuylab kelingan bo’lsa, 20-asrga kelib, xalfalar repertuaridan ham o’rin olgan. Xivalik shoira va xalfa xonim suvchi bu dostonni mukammal yod bilgan, to’y-sayillar, xotin-qizlar davralarida mahorat bilan kuylagan.