ASOSIY FONDLAR

ASOSIY FONDLAR, korxonalarning asosiy fondlari— ishlab chiqarishga uzoq xizmat qiladigan, o’z natural buyum shaklini uzoq vaqt o’zgartirmagan holda ishlab chiqarish jarayonida bir nechabor qatnashadigan mehnat qurollari va vositalari. Odatda Asosiy fondlarga ishlab chiqarishda bir yildan ortiq xizmat ko’rsatadigan mol-mulk kiritiladi (rivojlangan kapitalistik davlatlarda Asosiy fondlar o’rniga asosiy kapital tushunchasi qo’llaniladi). Asosiy fondlar o’z qiymatini tayyor mahsulotga asta-sekin, bir necha yillik ishlab chiqarish jarayonida qismlar bilan o’tkazadi, mahsulot sotilgach, korxonaga pul shaklida qaytib keladi. Asosiy fondlar qiymat jihatidan korxonaga qo’yilgan pul bo’lsa, moddiy jihatdan bino, inshootlar, mashinauskuna va boshqalardan iborat. Asosiy fondlarning qiymat ifodasi buxgalteriya balansida asosiy vositalar deb yurtiladi. Ishlab chiqarishda tutgan o’rniga qarab Asosiy fondlar asosiy ishlab chiqarish va asosiy noishlab chiqarish fondlariga bo’linadi. Asosiy ishlab chiqarish fondlari ishlab chiqarish jarayonida mahsulotlar yaratishda qatnashadi. Ular tarmoqlararo taqsimlanishi jihatidan sanoat, qurilish, transport, qishloq xo’jalik fondlaridan iborat bo’ladi, texnologik jihatdan aktiv va passiv fondlarga bo’linadi. Aktiv fondlar mahsulot yaratishda bevosita qatnashuvchi mehnat qurollaridan, passiv fondler ishlab chiqarishning moddiy sharoiti bo’lgan qurilmalar, binolar, inshootlar, omborlar va boshqalardan iborat. Moddiy-natural tarkibiga ko’ra Asosiy fondlar quyidagi guruhlarga ajratiladi: binolar, inshootlar; uzatma qurilmalar; quvvat mashinalari va jihozlari; ish mashinalari va jihozlari; transport vositalari; ishlab chiqarish va xo’jalik inventari; ulov va mahsuldor chorva; mevali bog’lar va daraxtlar; yerlarni yaxshilashga sarflangan kapital xarajatlar. Asosiy noishlab chiqarish fondlariga uy-joy binolari, maktablar, klublar, davolash muassasalari va boshqalar kiradi. Qishloq xo’jalik korxonalarida Asosiy fondlar balansida irrigatsiya-meliotrasiya fondlari qiymati alohida bandda ko’rsatiladi (ular inshootlar tarkibida hisobga kiritiladi). Xo’jaliklarning Asosiy fondlar buxgalteriya hisobida 01 raqamli hisobvaraqda qayd etiladi, natural hamda qiymat ko’rsatkichlarida hisobga olinadi. Natural ko’rsatkichlar (donasi, Vt hisobidagi quvvat, m2 hisobidagi sathi va boshqalar) Asosiy fondlarning sifat va miqdori tarkibi, xo’jaliklarning ishlab chiqarish imkoniyatlari, sotib olingan texnika yoki bino, inshootning qurilgan vaqti haqida tasavvur beradi. Asosiy fondlar qiymati joriy narxlarda yoki qiyosiy narxlarda hisoblanadi. Hisobga olish asosiy vositalarning barcha ko’rinishlarini turlar bo’yicha taqqoslashga, ularning jami qiymatini, ulardagi yangi tayyor mahsulotga o’tadigan eskirish darajasini aniqlashga imkon beradi. Asosiy fondlar real miqdori mamlakatning iqtisodiy salohiyatini, ishlab chiqarish quvvatini ko’rsatadi. O’zbekiston Respublikasi xalq xo’jaligi barcha tarmoqlarining asosiy ishlab chiqarish fondlari amaldagi (joriy) narxlarda 1993 yilda 19218,1 milliard so’mni tashkil etgan. Ahmadjon O’lmasov.