ASPIDLAR

ASPIDLAR (Elapidae) — ilonlar oilasi, 41 — 43 urug’ga bo’lingan 181 turi bor, barchasi zaharli. Ustki jag’ida zahar oqib tushadigan egatchali bir juft tishi bor. Zahari kuchli, nervni falajlovchi ta’sir ko’rsatadi, ba’zan odamni o’ldiradi. Aspidlarning yonoq qalqoni, rudiment oyoqlari bo’lmaydi, o’pkasi bitta. Aspidlar tropik va subtropik mintaqalarda, xususan Afrika, Janubiy Osiyo va Avstraliya, Janubiy va Markaziy Amerikada tarqalgan. O’rta Osiyoda kapcha yoki qoshiqbosh ilon turi uchraydi. Aspidlar asosan yerda, ba’zi turlari daraxtda yashaydi. Baqalar, boshqa ilonlar, mayda kemiruvchilar bilan oziqlanadi. Aspidlarga kapcha ilonlar, mambalar, yovuz ilonlar va boshqalar kiradi.