ASQAROV AKRAM
ASQAROV AKRAM (?-Toshkent— 1891.15.10) — birinchi o’zbek havaskor arxeologi. Akrampolvon nomi bilan mashhur. Savdogar oilasidan. Asqarov o’z davrining mashhur kollektsioneri sifatida turli-tuman arxeologik buyumlar va qadimgi tangalarni to’plagan. Uning birgina numizmatika kollektsiyasi 15 mingdan ortiqroq (17 oltin, 1498 kumush va 13537 mis) qadimgi pullardan iborat bo’lgan. Shulardan 504 tasi Sankt-Peterburg Ermitajida saqlanmoqda. 1890 yil Toshkentda ochilgan qishloq xo’jaligi va sanoat mollari ko’rgazmasida Asqarov o’zining arxeologik va numizmatik kollektsiyalari bilan ishtirok qildi. Asqarov rus olimlarining O’rta Osiyo bo’ylab olib borgan ilmiy kuzatishlarida, jumladan, 1884 yilda rus tarixchisi N. I. Veselovskiyning Surxondaryo, Farg’ona va Zarafshon vodiylari hamda Buxoroda o’tkazgan ilmiy safarida hamrohlik qildi. Rossiyaning arxeologiya jamiyati Asqarovning arxeologiya sohasida qilgan xizmatlarini taqdirlab, uni 1887 yilda kumush medal bilan mukofotlagan. Ad.. Lunin B. V., O numizmaticheskoy Kollektsii uzbekskogo sobiratelya drevnostey A. Askarova, Istoriya materialnoy kulturi Uzbekistana, VIP. 6, T., 1964.