ASSALOMU ALAYKUM!
Agar sizdan:
– Birinchi marta tilingiz qaysi so’zni aytgan? – deb so’rashsa, siz hoynahoy:
– Oyi! Ada! – deb javob berasiz.
To’g’ri. Ota va ona inson uchun eng qadrli kishilar. Insonning tili shu muqaddas so’zlar bilan chiqishi tabiiy. Agar sizdan:
– Birinchi iborangizni eslaysizmi? – deb so’rashsa siz hoynahoy:
– Assalomu alaykum! – deb javob berasiz. Bu ham to’g’ri. Inson o’z mohiyati bilan yaxshilik, ezgulik timsoli. Shuning uchun uning dilida-yu tilida “Assalomu alaykum!” bo’lishi tabiiy. Siz shunchalik ko’p aytadigan “Assalomu alaykum!”ning ma’nosi nima ekanligini bilasizmi? “Assalomu alaykum!” aslida arabcha ibora bo’lib, “Sizga tinchlik, salomatlik tilayman” degan ma’noni bildiradi. “Assalomu alaykum!” – yurtlari, millatlaridan qat’i nazar dunyodagi barcha musulmonlarning salomlashuv iborasi hisoblanadi. Siz qaysi musulmon mamlakatiga bormang, u millat tilini bilmasangiz ham “Assalomu alaykum!” desangiz, sizga ochiq yuz bilan “Va alaykum assalom!” deb javob berishadi. Bu ularning “Sizga ham tinchlik, salomatlik tilayman!” deganidir. Demak, “Assalomu alaykum!” o’zaro muomala-munosabatning boshi hamdir. Uni nechog’lik samimiy va muloyim aytsangiz, munosabatga ham shunchalik iliqlik, samimiyat, ochiq ko’ngillik baxsh etadi. Assalomu alaykumni oshkora aytishning yana bir sehrli kuchi bor. U kishilar o’rtasida muhabbat paydo etib, o’rtadagi gina va kuduratlarni ketkazadi. O’zidan kattalarga hurmat, kichiklarga shafqat yuzasidan salom-alik qilish qadim-qadimdan kishilarimiz uchun axloqiy mezon bo’lib qolgan. Siz kattalarga hurmat bilan “Assalomu alaykum!” desangiz, ular sizga mehr bilan “Va alaykum assalom!” deb javob berishadi va yana “Barakallo! Katta yigit bo’ling!” deb qo’yishadi. Bu ularning odobli bola ekaningizdan m am nunligini bildiradi. Kattalar hamisha yoshlarning odobli va xushxulqli bo’lishini istaydilar. Ko’chada ketayotganingizda o’zingizdan katta kishiga ro’para kelsangiz, uni tanimasangiz ham salom berishni unutmang. Chunki odatimiz shunaqa. Yoshi kichiklar yoshi ulug’larga, ulov mingan odam piyoda ketayotganga, piyoda ketayotgan kishi o’tirganga, ozchilik ko’pchilikka salom beradi. Bir joyga mehmonga borsangiz, xonada ko’pchilik o’tirgan bo’lsa, albatta, siz salom berasiz. “Assalom u alaykum !”ni chala-yarim , qo’pol, keskin qilib emas, hamma eshitadigan va muloyim qilib aytishni o’rganing.