ASSOTSIATSIYA (psixologiyada) haqida nimani bilasiz?

ASSOTSIATSIYA (psixologiyada) — muayyan sharoitda psixologik hosilalar orasida paydo bo’ladigan aloqa. Assotsiatsiya inson ongidagi avvalgi turmush tajribalari bilan belgilanadigan tasavvurlar bog’lanishi, shu bog’lanishlar tufayli ongda paydo bo’lgan muayyan tasavvurlar o’xshashlik, yondoshlik va qaramaqarshilik belgilariga ko’ra, shunga bog’liq bo’lgan boshqa tasavvurlarni hosil qiladi. Assotsiatsiya o’tmish tajribasi asosida paydo bo’lib, narsa va voqealarning ob’yektiv aloqalarini aks ettiradi. Bir ruhiy jarayonning namoyon bo’lishi Assotsiatsiya tufayli ikkinchi (avvalgisi bilan bog’liq bo’lgan) ruhiy jarayonni vujudga keltiradi. Asosan uch xil Assotsiatsiya mavjud: qarama-qarshilik Assotsiatsiyasi — avval idrok qilingan qarama-qarshi sifatlarga ega bo’lgan narsa va hodisalarning birortasini takror idrok qilish yoki tasavvur qilish munosabati bilan boshqalari obrazlarining ixtiyorsiz ravishda ongda gavdalanishidan iborat qonuniyat. Masalan, “urush” so’zi idrok qilinsa, beixtiyor “tinchlik” eslanadi. Yondoshlik Assotsiatsiyasi — avval bir vaqtda yoki ketma-ket idrok qilingan narsa va hodisalarning birontasini qayta idrok qilish yoki tasavvur munosabati bilan ixtiyorsiz ravishda ongda boshqalarining ham obrazlari gavdalanishidan iborat qonuniyat. Masalan, “vokzal” so’zi idrok yoki tasavvur qilinsa, temir yo’l, vagon, yo’lovchilar ham esga tushadi. O’xshashlik Assotsiatsiyasi — bir-biriga o’xshash belgilarga ega bo’lgan narsa va hodisalarning birortasini idrok yoki tasavvur qilish munosabati bilan ongda boshqalarining ham obrazlari ixtiyorsiz ravishda tiklanishidan iborat qonuniyat. Masalan, Hasan va Husanning biri idrok qilinsa, ixtiyorsiz ravishda ikkinchisi eslanadi. Inson psixik hayotida Assotsiatsiyalarning ahamiyati katta: bilim, ko’nikma va malakalarni o’zlashtirish, xotirani rivojlantirish Assotsiatsiyalarga asoslanadi. Assotsiatsiyalarning fiziologik asoslari bosh miya yarim sharlari qobig’ida hosil bo’ladigan muvaqqat nerv bog’lanishlaridir. G’ayrat Shoumarov.

Leave a Reply