ASTROFOTOMETR

ASTROFOTOMETR (ostro… va foto, Yunoncha metreo — o’lchayman) — osmon jismlaridan kuzatuvchiga etib kelgan yorug’lik miqdorini (yulduz kattaligini) o’lchaydigan asbob. Vizual, fotografik, fotoelektrik xillari bor. Vizual Astrofotometrda osmon yoritqichining yorug’ligi, to’g’rirog’i yulduz kattaligini avvaldan ma’lum bo’lgan yorug’lik manbai (elektr lampochkasi yoki yulduz) bilan solishtiriladi. Bunda elektr lampochkaga berilayotgan tok kuchlanishini o’zgartirish yoki nurlar yo’liga diafragma qo’yish usulidan foydalaniladi. Quyosh, oy, kometa va hokazolarning ravshanligini o’lchashda solishtirma manba sifatida elektr lampochka (ravshan ob’yektlar uchun) olinadi yoki radioaktiv elementlar yordamida ekranni yoritish usuli (xira ob’yektlar uchun) qo’llaniladi. Vizual Astrofotometrda yuqori aniqlikka erishish qiyin. Fotografik fotometriya ham tekshiriluvchi va solishtiriluvchi manbalarning intensivligini taqqoslashga asoslangan. Hozir juda sezgir fotoko’paytirgichlar va elektron optik o’zgartgichlar asosida yulduz elektrfotometri, o’zgaruvchantok bilan ishlaydigan miltillovchi fotometrlar va foton sanoqchilar qo’llanilmoqda. Ular yordamida yulduz kattaligini ±0,001 aniqlikda o’lchash mumkin. Kosmik jism nurlanishini to’la o’lchash uchun termoelement, bolometr va radiometrlar ishlatiladi. Osmon yoritqichi juda xira bo’lganda ma’lum vaqtda Astrofotometrning fotosezgir qatlamidan ajralib chiqayotgan fotoelektronlar sonini sanashga asoslangan foton sanoqchi va energiyaning spektr bo’ylab taqsimlanishini o’lchovchi spektrobolometrlar qo’llaniladi.