ASTROLYABIYA

ASTROLYABIYA (lotincha astrolibium), usturlab — joyning geografik koordinatalarini, vaqtni, ob’yektning azimutini, yulduzlarning chiqish va botish paytlarini, shuningdek amaliy astronomiyaning boshqa masalalarini hal qilishda ishlatiladigan ko’chma astronomik asbob. Astrolyabiya qadim zamonlardan (miloddan avvalgi 2-asrdan) beri ma’lum. Turli davrlarda tuzilishi va tashqi ko’rinishi turlicha bo’lgan. O’rta asrlarda Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan. Astrolyabiya darajalarga bo’lingan doira, chizg’ich va vizirlovchi dioptrdan iborat. Yoritqich balandligini aniqlash paytida Astrolyabiya maxsus halqa yordamida osib qo’yilgan17 asrda tayyorlangan Astrolyabiyalarning biri Toshkentdagi tarix muzeyida saqlanmoqda. Astrolyabiya gorizontal burchaklarni o’lchashda keng qo’llanilgan. Hozir qo’llaniladigan Astrolyabiya astrometriya muammolarini hal qilishda keng ishlatiladigan murakkab asbob. Shulardan biri Danton Astrolyabiyasi deyiladi. Uning yordamida vaqtni, geografik kenglama va uzunlamani aniqlash. Yer qobig’ining harakatini tekshirish mumkin.