ASTRONOMIYA
ASTRONOMIYA (ostro… va Yunoncha nomos — qonun) — Koinot jismlari va ularning sistemalari paydo bo’lishini taraqqiyoti va tuzilishini, ko’rinma va haqiqiy harakatlarini, kimyoviy tarkibi va fizik holatini, Koinotning bir butun umumiy qonuniyatlarini o’rganuvchi fan. Astronomiya yulduzlar, sayyoralar va ularning yo’ldoshlarini, sayyoralararo va yulduzlararo mayda jismlar (asteroidlar, kometalar, meteor jismlar va hokazolar) ni, gaz va chang tumanliklarini, ulardagi fizikaviy muhitni sun’iy kosmik jismlarni (vaziyatlari, harakatlari, orbitalarini) o’rganadi, shuningdek osmon jismlarini kuzatish natijalarini insonning moddiy hayotiy talablariga qo’llash usullarini ishlab chiqadi. Jumladan, vaqtni aniqlash, joyning koordinatalarini topish, sayyoralarning harakatini, sun’iy yo’ldoshlarni kuzatish asosida tekshirish va uning asosida zilzilalar qonuniyatlarini o’rganish, kosmik apparatlarni Koinot jismlariga nisbatan orientirlash va boshqa qator ishlar shular jumlasiga kiradi. Astronomiya hozir tadqiq sohasi va usuliga ko’ra 7 bo’limga ajratiladi: astrometriya, astrofizika, radioastronomiya, osmon mexanikasi, yulduzlar astronomiyasi, kosmogoniya va kosmologiya. Bularning har biri o’z navbatida bir qancha sohalarni o’z ichiga oladi. Astronomiya tarixining katta qismi kuzatish ma’lumotlarini to’plash bilan band bo’lgan. Miloddan avvalgi 6-asrga kelib, misrliklar va bobilliklar tajribaga asoslanib Quyosh va oy tutilishlarini, ularning davriy takrorlanib turishini oldindan aytib bera olganlar. Pifagor asarlarida Yerning sharsimonligi haqida yozilgan, o’ning maktabi esa yer va barcha yoritqichlar Markaziy olov atrofida aylanadi, degan dastlabki kosmologiyalardan birini yaratdi. Aristotel olam markazida yer bo’lgan sistemadir, degan g’oyani ilgari surdi. Miloddan avvalgi 3-asrdan boshlab yunon fanining markazi Iskandariyaga ko’chdi. Eratosfen gradus o’lchash deb nom olgan usul bilan yerning o’lchamlarini aniqladi. Gipparx 1028 ta yulduzning osmon sferasidagi vaziyatlarini o’z ichiga olgan va bizgacha yetib kelgan dastlabki yulduz jadvallaridan birini yaratdi. U yilning davomiyligini katta aniqlik bilan o’lchadi, oygacha bo’lgan masofani ikki foizdan kam xato bilan aniqladi, fanga geografik koordinatalar — kenglama va uzunlama tushunchalarini kiritdi. Gipparx ta’limotini Ptolemeyning “Almagest” asaridan bilamiz. Ptolemey fanga olam tuzilishining geosentrik sistemasi nomi bilan kirgan sistemani yaratdi. Unda Quyosh, oy va sayyoralarning ko’rinma harakati aylanalar bo’ylab tekis harakatdan iborat, harakatsiz yer esa olamning markaziga joylashgan, deb tushuntirilar edi. Bu sistema olamning haqiqiy tuzilishini aks ettirmasa ham o’z davri uchun ilg’or bo’lgan. Bu sistema yoritqichlarning osmondagi vaziyatlarini (o’sha davrdagi kuzatish aniqligida) oldindan aytib berish imkonini berar edi. Shu sababli, u fanda bir yarim ming yilcha yashadi. Arximedning aytishicha, olamning markazi Quyosh, uning atrofida Yer va sayyoralar aylanadi. Bu faqat 16-asrdagina ishlab chiqilgan geliotsentrik sistemani oldindan aytib berish edi. Astronomiya bilan Turkistonda miloddan avvalgi ham faol shug’ullanganlar. Ularning izlari mo’g’ul va Arab istilolari sababli deyarli yo’q bo’lib ketgan. Hozirgacha saqlanib qolganlari ichida Xorazmdagi qo’y qirilgan qal’a misol bo’lib, uni yetarli darajada astronomik asbob desa bo’ladi. Qal’a inshootlari yordamida vaqtni aniqlash, fasllarning kirib kelish paytini qayd etish, ekvator va ekliptika tekisliklari orasidagi burchakni o’lchash, yil davomiyligini aniqlash va boshqa hayot taqozo etgan amaliy masalalar hal etilgan. 8-9-asrlarda Muhammad Xorazmiy, Axmad al-Farg’oniy, Abbos Javhariy, Ahmad Marvaziy va boshqa olimlar Astronomiya bilan jiddiy shug’ullandilar. Arab xalifaligi davrida va undan keyin yaqin va O’rta Sharq hamda O’rta Osiyo olimlari Astronomiyaning rivojlanishida ham katta rol o’ynadilar. Qohira, Damashq, Bag’dodda rasadxonalar paydo bo’lib, ularda Ibn Yunus, Al-Batoniy, Abu vafo va boshqalar ishlagan. Abul vafo faqat Sharqdagina emas, hatto G’arbda ham shuhrat qozongan mashhur astronomik asarning muallifidir. 10-asrda Al-So’fi birinchi bo’lib Andromeda tumanligita e’tibor berib, uning yulduzlardan farq etishini tavsiflab bergan. Abu Rayhon Beruniy Astronomiyaning hamma masalalarini o’z ichiga olgan 40 ga yaqin astronomik risola yozgan. Uning qisqartirib xronologiya deb ataluvchi “Al-osar al-Boqiya Anil-qurun alxoliya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) nomli asarida yunon, rumlik, yahudiy, arab, sug’diy va boshqa turli xalqlarning yil hisobi usullari batafsil qiyosiy bayon qilingan. Beruniy bir qancha davrlarni o’zaro solishtirib tavsif qilgan va bir davrdan ikkinchisiga o’tishning amaliy yo’llarini ko’rsatib bergan. Fanda “Hindiston”, “Geodeziya” nomi bilan mashhur bo’lgan asarlarida Beruniy Astronomiyaning bir qancha masalalariga yaqindan yondashib, geografik koordinatalarni, Yerning o’lchamlarini va vaqtni aniqlash usullarini keng bayon etdi. Beruniy Astronomiyaning amaliy masalalarini hal qilish jarayonida bir qancha yangi astronomik asboblarni, jumladan o’z astrolyabiyasink ixtiro qilgan. Yoritqichlarning ko’rinma harakatlarini o’rganishda Beruniy geosentrik va geliosentrik sistemalar bir xil kuchga ega, degan g’oyat muhim fikrni o’rtaga tashlagan. Astronomiyada Beruniyning izdoshi Umar Xayyom edi. U koinotning cheksizligiga oid juda ko’p yangi g’oyalarni ilgari surgan. Umar Xayyom hozir qo’llanilayotgan Grigoriy taqvimidan ham aniq bo’lgan Quyosh taqvimini ishlab chiqqan. Ibn Sino ham Astronomiyaga oid asarlar yozgan. 12-14 asrlarda turkistonlik olimlar — Mahmud Chag’miniy, Muhammad Najib Bakron, Abu Sulaymon Banoqatiy va boshqa olimlar Astronomiya sohalarida ijod etganlar. 14-asrda Marog’a shahrida o’sha zamonning eng yaxshi astronomik asboblari bilan jihozlangan rasadxonada Ozarbayjonning mashhur olimi Nasriddin Tusiy ishlagan. Marog’a rasadxonasida ijod qilingan qator asarlar, jumladan “Ziji Elxoniy” Yevropada va Sharqda keng tarqalgan. O’z davrining deyarli barcha masalalari bayoni bilan berilgan Astronomiyaga oid keng astronomik jadvallar Sharqda “Zij” deb atalgan. Astronomiyaning 15-asrdagi taraqqiyoti Samarqand yaqiniga o’sha zamondagi eng mukammal asboblar bilan jihozlangan ulkan rasadxona qurgan Ulug’bek nomi bilan bog’liq. Rasadxonaning asosiy va eng katta asbobi radiusi 40,2 metrli faxriy sekstanti edi. Samarqand astronomlari Ulug’bek rahbarligida yozgan “Ziji Ko’ragoniy” yoki “Ulug’bek Ziji” deb ataluvchi asosiy asar, ayniqsa, undagi 1018 yulduz vaziyati keltirilgan jadval dunyoga mashhur. “Ulug’bek Ziji” asosan Samarqand rasadxonasida olib borilgan kuzatishlar zaminida tuzilgan va Gipparx jadvalidan keyin yulduzlarning vaziyati ancha aniq belgilangan ikkinchi original to’la jadvaldir. Ulug’bekning ko’zga ko’ringan safdoshlaridan G’iyosiddin Jamshid Koshiy Yevropa olimlarining bir qancha kashfiyotlarini ulardan ancha ilgari ko’ra bilgan. Yevropa fanini Samarqand olimlarining asarlari bilan tanishtirishda Koshiyning xizmatlari juda katta. Samarqand rasadxonasida ijod qilgan astronomlar qatorida Ulug’bekning ustozi, Sharqda “o’z davrining Aflotuni” nomi bilan mashhur bo’lgan Salohiddin Muso ibn Muhammad Qozizoda Rumiy, shuningdek “o’z davrining Ptolemeyi” nomini olgan Ali Qushchining xizmatlari katta. Samarqand olimlarining asarlari Yevropada 1648 yildan boshlab chop qilinib kelmoqda. O’sha davrda xristian dini mafkurasi xukmronlik qilgan Yevropada Astronomiya taraqqiyoti to’xtab qolgan edi. 16-asrda Astronomiya va butun tabiatshunoslik fanlari taraqqiyotida inqilobiy kashfiyotlar qilindi. Ulardan biri mashhur polyak olimi Nikolay Kopernik nomi bilan bog’liq. 1543 yilda uning “Osmon sferasining aylanishlari haqida” asari nashr qilindi. Kopernik bu asarida Quyosh sistemasi tuzilishi haqida to’g’ri tasavvur berdi. Astronomiyaning keyingi taraqqiyoti sayyoralarning Quyosh atrofida aylanish konunlarini kashf qilgan I. Kepler nomi bilan bog’liq. Kepler qonunlari Tixo Bragening sayyoralarni, avvalo, Marsni ko’p yillar davomida kuzatishlariga asoslangan. Bu davrda astronomik asboblar birmuncha takomillashdi. Yulduzlar vaziyatini optik asboblarsiz o’lchashda 17- asr ikkinchi yarmida polyak olimi Yan Geveliy eng katta aniqlikka erishdi. 17-asrda Astronomiyada optik asboblar qo’llana boshlandi. Bungacha bo’lgan davr osmon geometriyasi va kinematikasini o’rganish bilan xarakterlanadi. 1609-10 yillarda italyan olimi Galileo Galiley astronomik kuzatishlarda o’zi yasagan teleskopii qo’lladi. Galileyning kashfiyotlari Kopernik sistemasini ilmiy dalillar bilan quvvatlab, uning yanada ommalashuviga yordam berdi va Astronomiyada kosmik jismlar fizikasini o’rganuvchi yangi bo’limning manbai bo’lib qoldi. Galiley oy sirtini va Venera fazalarini kuzatib, sayyora va ularning yo’ldoshlari tabiati yerga o’xshash degan xulosaga keldi. Teleskopik Astronomiyaning taraqqiyoti bilan bir qatorda nazariy Astronomiya ham tez rivojlandi. Bunga I. Kepler va I. Nyutonasos solgan. Nyuton butun olam tortishish qonunini ochib, osmon jismlarining turli-tuman harakatlarini tushuntirishda uning universalligini ko’rsatib berdi. Nyutonning osmon mexanikasiga doir qonunlari osmon jismlarining massalarini aniqlash va ularning harakatiga o’zaro ta’sirini hisobga olish imkonini berdi. Shundan boshlab nazariy Astronomiya va osmon mexanikasining taraqqiyoti jadal ketmoqda. Hisoblarga karab Neptunning ochilishi Nyuton qonuni yordamida qilingan qator buyuk kashfiyotlarga yorqin misoldir. Astronomiyaning keyingi taraqqiyoti amaliy masalalarni hal qilishga mo’ljallangan davlat rasadxonalarining tashkil topishi bilan bog’liq. Frantsiyada (1665 yil, Parij), Angliyada (1676 yil, Grinvich) va Rossiyada (1692 yil) birinchi rasadxonalar kurildi. Rasadxonalar zamonaviy teleskoplar bilan ta’minlangan bo’lib, ularda geografik koordinatalarni aniqlashdan tashqari, barcha astronomik hodisalar kuzatilgan. 17— 18-asrlarda Astronomiyada tabiatshunoslik taraqqiyotiga kuchli ta’sir qilgan bir kancha kashfiyotlar qilindi. 1675 yilda O. K. Ryomer yorug’likning tarqalish tezligini Yupiter yo’ldoshlarining to’silishini kuzatishdan aniqladi. 1718 yilda E. Galley yulduzlarning xususiy harakatini topdi. 1725-28 yillarda J. Bradley yorug’lik aberrasiyasini ochdi. 1755 yilda I. Kant “Tabiatning umumiy tarixi va osmon mexanikasi” nomli asarida birinchi bo’lib tabiat evolyutsiyasini tushuntiruvchi g’oyani muhokamaga tashladi. 1761 yilda M. Lomonosov Venera ATM.sini kashf qilib, sayyoralarda ham gaz qobig’i bo’lishi mumkinligini isbotladi. 1796 yilda P. Laplas bu g’oyani matematik usulda asoslab berdi. 1871 yilda V. Gershel kuzatish yo’li bilan yangi sayyora — Uranni topdi. Bundan tashqari, u Quyosh sistemasining yulduzlararo harakatini kashf qildi. 1835-38 yillarda V. Ya. Struve va F. V. Bessel ba’zi yulduzlargacha bo’lgan masofalarni o’lchadilar. 1801 yilda Italiyada D. Liassi birinchi asteroid — Tsererani kashf kildi bu bilan kichik sayyoralarni ochish tadqiqotlari boshlab berildi. 1846 yilda u. J. Levere Uranning orbitadan chekinishini o’rganib, chekinish sababchisi — Neptunning vaziyatini hisoblab chiqdi. Shunga asosan I. G. Galle Berlinda Neptunni topdi. 1847 yilda V. Ya. Struve yulduzlararo muhitda yorug’likning yutilishini hisoblab, Astronomiya taraqqiyotiga hissa qo’shdi. 19-asr ikkinchi yarmida fotografiya, fotometriya va spektral analizning qo’llanishi kosmik jismlarni o’rganish imkonini yanada kengaytirdi. Turkistonda 17-19-asrlar oralig’ida ham Astronomiya bilan shug’ullanilgan. Bunda asosan joylarning geografik koordinatalarini aniqlash va xaritalar tuzish bilan mashg’ul bo’lingan. 1873 yilda Toshkentda astronomiya rasadxonasi tashkil etiladi va unga bir qancha teleskoplar o’rnatiladi. Bu yerda dastlab Astronomiya bilan bir qatorda meteorologiya, geofizika, geodeziya va seysmologiya sohalarida ham tadqiqotlar olib borildi, Turkiston hududida bir necha ming joylarning aniq koordinatalari aniqlandi. Chorjo’y, keyinchalik kitob shaharlari yaqinida xalqaro kenglik stansiyasi tashkil etildi. 1966 yilda bu rasadxona zaminida Astronomiya instituti tashkil qilinib, tadqiqotlar ko’lami yanada kengaytirildi va zamonaviylashtirildi. AQShda ulkan teleskoplarning ixtiro qilinishi yulduzlararo muhitni chuqurroq o’rganish imkonini berdi. Astronomiyada yangi olingan ma’lumotlar asosida bir kancha gipotezalar yaratildi. Arman olimi V. A. Ambarsumyan yulduzlar assotsiasiyasi haqida g’oyat muhim nazariyani yaratdi. Unga ko’ra, yulduzlar o’ta zich ob’yektlardan otilib chiqib paydo bo’ladi. 20-asrning 30-yillarida Astronomiyaning radioastronomiya deb ataluvchi yangi tarmog’i paydo bo’lib, dastlab yoritqichlardan keladigan radionurlarni o’rganish yoki radiolokatsion tadqiq asosida kosmik jismlar haqida ma’lumot ola boshlandi. Radioastronomiya ayniqsa 2-jahon urushidan so’ng ixtiro qilingan o’ta sezgir radioasboblarni qo’llanish bilan jadal rivojlandi. Astronomiya taraqqiyotining yangi bosqichi yer, oy va ayrim sayyoralarning sun’iy yo’ldoshlarini, shuningdek Venera, Mars, Yupiter, Saturn va uzoq kosmosga kosmik stansiyalarni uchirish bilan bog’liq. Avval astronomlar faqat kuzatish natijalaridangina foydalangan bo’lsalar, endilikda bevosita tajriba o’tkazish imkoniyatiga ega bo’ldilar. Oyga va ayrim sayyoralarga tadqiqotchi stansiyalar qo’ndirilib, ularning tabiatini yaqindan o’rganish mumkin bo’ldi. O’zbekistonda Astronomiyaning eng ilg’or sohalari bo’yicha tadqiqotlar olib borilgan. Keyingi chorak asr davomida o’zbekistonlik astronomlar astrometriya, astrofizika, xususan, Quyosh va nostatsionar yulduzlar fizikasi, yulduzlar va Galaktika astronomiyasi, Galaktikadan tashqi astronomiya sohalaridagi tadqiqotlari bilan muhim yutuqlarga erishdilar. Galaktikamizning 50 mingdan ortiq yulduzlari va ularning 20 ga yaqin to’dalari xususiy harakatlarini kuzatuv yordamida o’lchab-hisoblab topdilar, to’dalar tuzilishi va a’zolari aniqlandi. Bular asosida Galaktikamizning o’lchamlarini, Quyoshning Galaktikadagi o’rnini va uning yadrosiga nisbatan aylanish tezligini harakat yo’nalishi — apeksini, shuningdek Galaktikaning qator kinematik parametrlarini aniqladilar. Yer sun’iy yo’ldoshlari uchirilgandan boshlab shu kunga qadar ularni va sayyoralarni kuzatish, tadqiq etishning barcha xalqaro dasturlarida (SOPROG, Vega, planeta, Stasionar, Fobos, GPS, PRARE va boshqalarda) qatnashib, e’tiborli ilmiy natijalarga erishiladi. 1960 yildan boshlab xalqaro astronomiya Ittifoqi tavsiya etgan 20 ta asteroidning vaziyatlari va harakatlarini tekshirib, osmonda inersial sistemani tuzish kabi xalqaro muammoga toshkentlik va kitoblik astronomlar salmoqli hissa qo’shdilar. 1985-86 yillarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti ToshDU astronomlari bilan hamkorlikda Galley kometasini kuzatish bo’yicha xalqaro dasturda qatnashib, kuzatuv ma’lumotlari sifati va hajmi bilan birinchi o’rinni egalladilar va bu bilan uchirilgan kosmik apparatning kometa atmosferasi ichidan o’tishini ta’minladilar. Yutuqlardan yana biri Qashqadaryo viloyatining Maydanak tog’ida rasadxona qurilishi bo’lib, u bugungi kunda xalqaro rasadxonaga aylanishi bilan bog’liq. Maydanakda bajarilgan ko’p yillik kuzatish ishlari asosida yulduzlarning tug’ilish “o’choqlari” topildi, turli nostasionar va o’zgaruvchan yulduzlar, fuorlar, zich qo’shaloq yulduzlar hamda somon yo’lining maxsus qismlari o’rganilib, zarur fotometrik, spektral ma’lumotlar to’plandi va tahlil qilindi. Maydanakda bajarilayotgan kuzatuvlar AQSh, Rossiya, Ukraina, Frantsiya, Germaniya, Litva va boshqa davlatlar astronomlari bilan hamkorlikda olib borilyapti. Quyosh fizikasi sohasida Quyosh dog’lari va boshqa qator faol elementlari, turli chaqnashlar, rentgen va radiodiapazonlardagi faol jarayonlar chuqur tahlil qilingan. Hozir esa bu sohaning gelioseysmologiya yo’nalishi jadal rivojlanmoqda. Xususan, Toshkent viloyatining Qumbel tog’ida (Chimyon yaqinida) Toshkent astronomiya institutining stantsiyasi ochilib, unda Quyosh tebranishlari Iris xalqaro dasturi doirasida kuzatilmoqda. Institutning Toshkent hududida bu tebranishlar ton xalqaro dasturi bo’yicha zaryad yig’uvchi kuchli matrisa yordamida kuzatilib tahlil qilinmoqda. Natijada Quyoshning ichki tuzilishiga oid muhim ma’lumotlar olinmoqda. O’zbekistonda keyingi chorak asrda Astronomiyaga doir nazariy tadqiqotlar ham yo’lga qo’yilgan. Ular dastlab 1971-81 yillarda Toshkent astronomiya institutida olib borildi, keyingi yillarda esa ToshDUda davom ettirildi. 1981 yilga kelib ToshDU (hozirgi O’zMU) da Astronomiya mutaxassisligi ochilib, 1987 yil Astronomiya kafedrasi tashkil etildi. Bu kafedra bugunga qadar 200 ga yaqin mutaxassis chiqardi. Nazariy tadqiqotlar, asosan, astrofizika, yulduz astronomiyasi va galaktikadan tashqi astronomiya sohalarida olib borildi. Xususan, Galaktikamiz tojidagi ko’rinmas massa miqdori va uning disk va sfera tashkil etuvchilari evolyutsiyasiga ta’siri nochiziqli nostasionar holda analitik o’rganildi. Xalqasimon galaktikalar modeli tuzilib, ularni sinflarga ajratish usuli ishlab chiqildi. Yulduzlarning bir necha sharsimon to’dalari va galaktikalarning 10 dan ortiq sferik to’dalari uchun tezliklar anizotropiyasi parametri qiymatlari ko’rinma zichlik funktsiyasi asosida aniqlandi. Koinotning eng “qari” ob’yektlaridan bir turi hisoblanuvchi elliptik galaktikalarning paydo bo’lishi muammosi birinchi bor nazariy modellarda tadqiq qilindi. Bu nazariya natijalari ancha keyin AQSh, Hindiston va Meksika nazariyotchilari tomonidan o’ta kuchli kompyuter yordamida tajriba o’tkazish yo’li bilan tasdiqlandi. Hozir bunday nazariy ishlar Toshkent astronomiya institutida ham olib borilib, yuqoridagi usul spiral galaktikalarga qo’llanilmoqda va ularning pulsasiya holati nochiziqli nostasionar modellari tuzilmoqda. Salohiddin Nuriddinov, Abdumajid Rahimov.