ASTRONOMIYA

Eng qadimgi davrlardayoq odamlar Quyosh, Oy, sayyoralar, yulduzlar osmonda muayyan qonuniyat bo’yicha harakatlanishini sezishgan va bu hodisalarni o’rgana boshlashgan. Buyuk o’zbek olimi Ulug’bek ham shunday kishilardan biri bo’lgan. Unga qadar va undan keyin yashagan olimlarning bu boradagi ishlari tufayli astronomiya – osmon jismlarining harakati va rivojlanishiga oid qonunlar haqidagi fan paydo bo’lgan ….Astronomiya yunoncha “astron” – “yulduz”, “nomos” – “qonun” so’zlaridan kelib chiqqan. O’rta asrlarda astronom iya bilan shug’ullangan kishilar munajjim deb atalgan. Osmon jismlarining qaysi harakatlari haqiqiy, qaysilari tuyuluvchan ekanligini aniqlash uchun ko’p asrlar o’tdi. Masalan, bizga xuddi Quyosh ertalab chiqib, kun bo’yi osmonda harakatlanadigandek va kechqurun botadigandek tuyuladi, aslida esa Yerimiz Quyosh atrofida aylanadi. 16-asrga qadar deyarli barcha olimlar Yer Olam markazida tinch turadi, osmon jismlari esa uning atrofida aylanadi, deb ishonishgan.
16-asrda yashagan buyuk polyak astronomi Nikolay Kopernik va uning izdoshlari Olam aslida ancha murakkabligini isbotlashdi. 17-asr boshlarida teleskop (osmon jismlarini sinchiklab kuzatishga va o’rganishga imkon beradigan optik asbob) ixtiro qilingandan so’ng Quyosh hajm jihatidan Yerdan deyarli million marta katta ekanligi, yulduzlar esa xuddi Quyosh singari juda issiq, o’z-o’zidan nurlanadigan gaz sharlaridan iboratligi ma’lum bo’ldi. Lekin yulduzlar Quyoshga qaraganda bizdan juda ham uzoqda joylashganligi tufayli kichik va xira bo’lib ko’rinadi. Agar kosmik raketa Quyoshga 2 oyda uchib bora olsa, eng yaqin yulduzlarga borish uchun millionlab yillar uchishiga to’g’ri keladi. Quyosh atrofida Yerdan boshqa o’zi nur taratmaydigan sayyoralar ham aylanib turadi. Oy — o’zi nur taratmaydigan shar bo’lib, uni Quyosh har xil yoritadi. U hajm jihatidan Yerdan deyarli 50 marta kichik. Oy Yer atrofida aylanadi va shuning uchun Yerning tabiiy yo’ldoshi deb ataladi. Boshqa ko’pgina sayyoralarning ham o’z yo’ldoshlari bor. Olimlar osmon jism larini kuzatishadi, so’ngra kuzatish natijalari astronomiya rasadxonalari va ilmiy tadqiqot institutlarida o’rganilib, tahlil qilinadi. O’zbekistonda ham Fanlar akademiyasiga qarashli Astronomiya ilmiy tadqiqot institutida olim akalaringiz astronomiyaga doir muhim ilmiy ishlarni bajarishmoqda. Bu institut Toshkentda o’tgan asr oxirlaridan beri faoliyat ko’rsatib keladi. Kosmonavtika rivojlangan hozirgi vaqtda astronomiya eng tez rivojlanayotgan fanlardan biriga aylandi. Ko’pgina kosmik apparatlarga astronomik asboblar o’rnatilgan bo’lib, ular Olamni Yer atmosferasidan tashqarida ham o’rganishga imkon beradi. Osmon jismlaridan kelayotgan nurlarni tutib qoladigan havo kosmik orbit alarda kuzatuvlarga xalaqit bermaydi, ana shuning uchun ham kosmik apparatlar yordamida olingan Olam haqidagi ma’lumotlar katta ahamiyatga ega.